Главная » 2017 » Март » 12 » Erdo‘g‘anning Putindan umidi katta
13:08

Erdo‘g‘anning Putindan umidi katta


Avval xabar berganimizdek, Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 10 mart kuni rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahriga keldi. Rajab Toyib Erdo‘g‘an shu kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida Vladimir Putin Rossiya va Turkiya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilishi mumkinligini va bunda Moskva jonbozlik ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar tarqatdi.

Vladimir Putin yig‘ilishni ochar ekan, so‘nggi vaqtda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi kamayganligini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, 2016 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 3 karra qisqargan. Turkiya Rossiyaning eng muhim tashqi iqtisodiy hamkorlaridan biri ekanligini qayd etgan Vladimir Putin 2017 yilda o‘tgan yildagi salbiy ko‘rsatkichlar ijobiy tarafga o‘zgarishiga umid qilayotganligini aytib o‘tdi. Iqtisodiy hamkorlik sifatida investision loyihalarni ko‘paytirishni taklif qildi. Bu borada ayniqsa, metallurgiya, avtomobil qurilishi hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida sherikchilik qilish manfaatli ekanligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda harbiy-texnik sohada va terrorizmga qarshi kurashish masalasida hamkorlik qilishga jiddiy e’tibor qaratish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Vladimir Putin 2019 yilda Rossiya va Turkiyada madaniyat va turizm yili o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida ma’lum qildi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokamada so‘zga chiqqan Rajab Toyib Erdo‘g‘an Moskva va Anqara o‘zaro aloqalarni mustahkamlash uchun harakat qillayotganligini ta’kidladi:
“Afsuski, 2015 yilda barchamizni qayg‘uga solgan voqea sodir bo‘ldi. Oqibatda esa vaqt yo‘qotdik. Qiyinchiliklar va ig‘vogarliklarga qaramasdan, biz mustahkam irodamizni namoyon etib, barcha to‘siqlarni yengib o‘tishga qodir ekanligimizni isbotladik.

Rossiya tez orada Turkiyaga nisbatan iqtisodiy to‘siqlarni olib tashlashiga ishonamiz. Shunda biz tovar ayirboshlash hajmini yiliga 100 milliard dollarga yetkazishimiz mumkin.

Biz turizm sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Milliy valyutada hisob-kitob qilish masalasiga ham e’tibor qaratganmiz. Rossiya va Turkiya ikki mamlakat manfaati uchun hamkorlik qilishda davom etadi”.

Xavfsizlik masalasiga to‘xtalgan Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyaning terrorizmga qarshi 35 yildan buyon kurash olib borayotganligiga e’tibor qaratdi. Suriyada vaziyatni barqarorlashtirishda Turkiya Rossiya bilan adolat prinsipiga asoslangan holda hamkorlik qilishda davom etadi.

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an Moskvaga tashrifi doirasida 2016 yil 19 dekabrda Anqara shahrida uyushtirilgan suiqasd oqibatida vafot etgan Rossiya elchisi Andrey Karlov oila a’zolariga ta’ziya bildirdi.

Durdona Rasulova


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Erdo‘g‘an, Putin, umidi katta | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz