Главная » 2020 » Август » 22 » Germaniyalik mutaxassis O‘zbekistondagi achinarli holat haqida gapirdi
21:03

Germaniyalik mutaxassis O‘zbekistondagi achinarli holat haqida gapirdi


Germaniyalik infeksionist olim, mikrobiolog, tibbiyot fanlari doktori Verner Ber «COVID-19» tarqalishining oldini olish bo‘yicha konsultant sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabida bo‘lib turgani xabar qilingandi.

SSV matbuot xizmati bilan suhbatda nemis mutaxassisi O‘zbekistondagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga baho berdi.

– Turli hududlardagi bemorlarni davolash jarayonida ham bevosita ishtirok etmoqdasiz?

– Birmuncha muddat Samarqandda bo‘ldim. Toshkent shahridagi «COVID-19»ni davolashga ixtisoslashgan klinikalarda ham shifokorlarga o‘z fikrlarimni ma’lum qildim. Aytish lozimki, tibbiyot muassasalarida og‘ir holatdagi bemorlarni davolash uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Ammo, bu yangi virus va uni davolashda shifokorlarning tajribasi endi-endi oshib bormoqda. Bu yo‘nalishda xorijlik, virus ancha oldin tarqagan davlatlar mutaxassislari bilan hamkorlik o‘z samarasini bermoqda.

Eng achinarlisi, odamlarning o‘z uylarida davolanishga intilishlari va qo‘llanishi kerak bo‘lmagan dori-darmonlarni qabul qilishlaridir. Natijada ular og‘ir ahvolda reanimatsiya bo‘limlariga yotqizilishini kuzatdim.

– Ma’lumki, uyda davolanganlar asosan antibiotiklarni tartibsiz qabul qilgan. To‘g‘rimi?

– Ha, buning oqibatida klinikaga kelgan bunday bemorlarda o‘pka zararlanishi kuzatildi. O‘ylaymanki, buning yana bir sababi, antibiotiklardan hamma o‘zi bilganicha foydalanish imkoniyati mavjudligida. Dorixonalaringizda ularni bemalol sotib olish mumkin. Tabiiyki, ularni qabul qilish ketma-ketligi va kombinatsiyasi ham mutlaqo buzilgan. Masalan, Germaniyada, umuman Yevropada pnevmoniyaning u yoki bu shaklini davolash uchun shunga mos ko‘rsatmalar mavjud. Afsus bilan aytish lozimki, Yevropa davlatlarida qabul qilinadigan antibiotiklarning eng kuchlisi O‘zbekistonda deyarli birinchi navbatda qo‘llaniladi. Ya’ni, bu yerda davolanishni, ba’zida esa hatto profilaktikani ham deyarli rezerv antibiotiklardan boshlashadi.

– Koronavirus infeksiyasining yengil turida tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilmoqda. Bunday holda haroratni tushirishdan naf bormi?

– Isitma – tananing normal himoya reaksiyasidir. Agar isitmani tushirishga harakat qilsak, immun tizimini birmuncha zaiflashtirgan bo‘lamiz.

– Ushbu kasallikning organizm uchun asoratlarini ham kuzatgandirsiz?..

– Agar statistikaga qaraydigan bo‘lsak, koronavirus infeksiyasidan vafot etganlardan ko‘ra sog‘ayganlar soni ko‘proq ekanini ko‘ramiz. Ammo undan tuzalganlarning barchasi butunlay sog‘ib ketayapti, deya olmaymiz. Ba’zi odamlar virusni yengadi, lekin uning asoratlari qoladi. Masalan, ayrimlarida hid va ta’m bilish susayadi, buyrak xastaliklari paydo bo‘ladi, nevrologik muammolar, ya’ni xotira va konsentratsiyaning buzilishi kuzatiladi. Koronavirusning shu kabi insonning hayot tarzini biroz buzadigan turli xil asoratlari mavjud ekaniga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, kasallikdan keyin yoki terapiyadan so‘ng qandli diabet kasalligi bor odamlarda qand miqdorining oshib ketishi achinarli holdir.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Germaniyalik, mutaxassis, achinarli holat, O‘zbekistondagi, haqida gapirdi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz