12:12 Germaniyalik mutaxassis dunyoni koronavirusdan nima qutqarishi mumkinligini aytdi | |
Ma’lumki, yurtimizga koronavirus qarshi kurashda yordam berish uchun germaniyalik mutaxassislar kelgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ular bilan suhbat uyushtirib, ayrim muhim jihatlarini taqdim etdi. Germaniyalik Verner Ber bilan suhbat – “COVID-19”ning oldini olish uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz? – Uning eng yaxshi profilaktikasi sog‘lom turmush tarziga amal qilish. Bundan boshqa a’lo profilaktika mavjud emas, deb o‘ylayman. Chunki “COVID-19” nafas olish yo‘llarida boshlanadigan infeksiya. Agar siz o‘pkangizni yaxshi parvarish qilsangiz, ya’ni doimiy jismoniy mashqlar bilan uni shug‘ullantirib tursangiz, infeksiyaning organizmda rivojlanish imkoni pasayadi. Bir so‘z bilan aytganda, sport bilan shug‘ullanish va chekmaslik lozim. – Koronavirusni yengishning yo‘li jamoaviy immunitetni hosil qilish degan fikrga qanday qaraysiz? – Albatta, bu ham bir variant. Ammo bu xavfli yo‘l. Bu ko‘plab odamlarning hayotini xavf ostiga qo‘yish degani. Katta miqdordagi odamlarning kasallanishi, davolanishi va immunitet hosil qilishi uchun bir necha yillar kerak bo‘ladi. Shuningdek, agar epidemiyani oldini olmasak, infeksiya logarifmik shkala bo‘yicha rivojlanadi. Oxir oqibat, yangi kasallanish holatlarining shu qadar ortishiga olib kelishi mumkinki, klinikalar bemorlarni davolashni eplay olmay qoladi. Aksincha, pandemiyani nazoratda ushlab, ko‘proq vaqt davomida kamroq odamlarning kasal bo‘lishiga erishishimiz lozim. – Dunyoni koronavirusdan nima qutqaradi, deb o‘ylaysiz? – Olamni “COVID-19”dan faqat vaksinalarning ishlab chiqilishi va qo‘llanilishi halos qilishi mumkin. Avvaliga vaksinalarni yaratish uchun yillar kerak bo‘lishi aytildi, ammo ularni ishlab chiqilishini sekinlashtiruvchi barcha byurokratik holatlar tezlashtirildi. Shuning uchun ham vaksinalarning tez sur’atda yaratilishi va qo‘llashga kirishilishi ularga ishonchsizlik bilan qarash kerak degani emas. Har qanday vaksina barcha tegishli tadqiqot va sinovlardan o‘tgandan keyingina qo‘llana boshlaydi. – Kecha yurtimizga Germaniyadan bir guruh mutaxassislar keldi... – Biz ular bilan avvaldan videokonferensiyalar tashkil qildik, bu yerdagi vaziyat bilan ularni maksimal darajada tanishtirdik. Kelishlari bilan ular qanday vazifalarni bajarishlari lozimligini ham muhokama qilib olgandik. Ya’ni qariyb 10 kun muddatga kelayotgan mutaxassislarning vaziyatni o‘rganishga ketadigan vaqtini qisqartirdik. Maqsadimiz – har bir kundan unumli foydalanish va imkon qadar ko‘proq natijaga erishish. Ular orasida tajribali epidemiologlar ham borligini alohida ta’kidlamoqchiman. Ular yordamida epidemiyaning borishini tasviflashimiz, prognoz qilishimiz va muammolarning oldini olishimiz mumkin bo‘ladi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|