22:02 Nima uchun tug‘ilgan vaqtimizni, hech bo‘lmaganda ikki yoshligimizni eslay olmaymiz? | |
Qanday qilib dunyoga kelganligimiz, hayotimizning ilk kunlari – bularning hammasi xotiradan o‘chib ketadi. Odatda odamlar miyasida xotiralar 3, 5 yoki 7 yoshdan boshlab saqlab qolinadi. Bu jarayon hammada har xil bo‘ladi. Kimdir 4 yoshida qanday sovg‘a olganini eslay olsa, yana kimdir 7 yoshida maktabga qanday borganini zo‘rg‘a eslaydi. Psixologlarning aytishicha, bu holat bolalardagi amneziya bilan bog‘liq. 1899-yili Zigmund Freyd “bolalik amneziyasi” degan atamani qo‘llay boshlagan. Uning aytishicha, kattalarning 3-5 yoshigacha bo‘lgan voqealarni eslay olmasliklariga ota-onalarining bolalariga nisbatan yomon munosabatda bo‘lganliklari sabab bo‘lar ekan. Lekin bu fikrni ko‘pchilik yoqlamagan. Yana bir mashhur gipotezaga ko‘ra, bu holat miyaning shakliga bog‘liq. Ya’ni bolalarning miyasi kattalarnikiga qaraganda kichikroq bo‘ladi. Odam voyaga yetgach miyasi ham kattalashadi va ko‘proq ma’lumotlarni yodida saqlab qola oladi, bolalikda esa kam ma’lumotlar xotirada qoladi. Haqiqat shundaki, inson xotirasini shakllantirish bilan nerv hujayralari tarmog‘i shug‘ullanadi. Ular 6-18 oylikda paydo bo‘la boshlaydi. Ushbu bosqichda inson miyasida qisqa va uzoq muddatli xotira shakllanadi. Bundan tashqari, yosh bola voqealarni so‘zlar bilan bog‘lay olmaydi, chunki u qanday gapirishni, bo‘layotgan voqealarni imo-ishoralar bilan tasvirlashni bilmaydi. (Demak, bola xotirasining shakllanishi til chiqishi bilan bog‘liq.) Qiziqarli fakt Har bir mamlakatda unutuvchanlikning darajasi har xil bo‘ladi. Bu geografik joylashuvga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bolalar xotirasi shakllanishining o‘rtacha ko‘rsatkichi 3-4 yosh hisoblanadi. Ammo, yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu jarayonlar bolaning necha yoshdan gapira boshlashiga va narsalarni ajrata olish qobiliyati shakllanishiga bevosita bog‘liqdir. Ana endi nima uchun bolaligingizni eslay olmasligingizni tushunib yetdingiz, deb o‘ylaymiz.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|