23:33 Nima uchun Britaniya qirolichasi tug‘ilgan kunini yiliga ikki marta nishonlaydi? | |
21-aprel kuni Buyuk Britaniya qirolichasi 95 yoshini nishonlamoqda. Vindzorlar sulolasidan bo‘lgan Yelizaveta Aleksandra Mariya Britaniya tarixida eng uzoq vaqt hokimiyat tepasida bo‘lgan — u 1952-yilda otasi Georg VI vafotidan keyin taxtga o‘tirgan. MIR 24 ma’lumotiga ko‘ra, qirolichaning atigi yetmish yil hukmronligi davrida 15 nafar bosh vazir almashgan. Qizig‘i shundaki, Buyuk Britaniya monarxlari an’anaviy ravishda yiliga ikki marta tug‘ilgan kunini nishonlashadi. Darhaqiqat, Yelizaveta II 1926-yil 21-aprelda dunyoga kelgan, ammo uning rasmiy tug‘ilgan kuni iyun oyining birinchi, ikkinchi yoki uchinchi shanbasi — kunlar iliy boshlaganda nishonlanadi. Ushbu g‘oya noyabrda tug‘ilgan qirol Georg II ga tegishli. 1748-yilda monarx hukmdorning tug‘ilgan kunini butun mamlakat bo‘ylab kuzgi yog‘ingarchilikda nishonlash yaxshi fikr emasligini tushungan. Yomg‘ir ostida sayllarni tashkil etish mushkul. Shu sababli, u rasmiy bayramni yozga qoldirishga va haqiqiy tug‘ilgan kunini esa oilasi davrasida nishonlashga qaror qilgan. Qirolning tug‘ilgan kuni Britaniyada milliy bayram hisoblanadi, unda nafaqat londonliklar, balki ko‘plab sayyohlar ham ishtirok etishni xohlashadi. Bundan tashqari, shu kuni Britaniya xazinasi sezilarli darajada to‘ldiriladi, chunki bayram marosimiga guvoh bo‘lishni xohlovchilar chipta sotib olishiga to‘g‘ri keladi. Rasmiy bayram Buyuk Britaniya va Millatlar Hamdo‘stligida nishonlanadi. Shu kuni poytaxtda festival va harbiy parad bo‘lib o‘tadi. U 260 yildan ortiq vaqtdan beri o‘tkazib kelinmoqda. U Bukingem saroyi yonidan o‘tib, Grin parkda 41 ta va Tauerda 62 ta quroldan otilgan salyut bilan tugaydi. Paradda 1400 dan ortiq harbiy xizmatchi, 200 ot va 400 musiqachi qatnashadi. Parad Bukingem saroyidan boshlanadi, so‘ng ishtirokchilar ot gvardiyasi paradi bo‘lib o‘tadigan Uaytxoll ko‘chasi tomon harakatlanishadi. So‘ngra hammasi Bukingem saroyiga qaytadi. Qirolicha oilasi bilan birga fuqarolarini balkonda turib kuzatadi va o‘sha yerdan Qirollik harbiy havo kuchlari aviashousini tomosha qiladi. Yelizaveta ikkinchi o‘zining apreldagi norasmiy tug‘ilgan kunini odatda uyida, Bukingem saroyida barcha oila a’zolari ishtirokida nishonlaydi. Ko‘pincha ularga elchilar yoki boshqa yuqori martabali mehmonlar hamroh bo‘lishadi. 2016-yilda o‘zining 90 yilligida qirolicha Vindzor bo‘ylab sayr qilgan, keyin esa o‘sha kuni 90 yoshga to‘lgan oddiy britaniyaliklar bilan choy ichgan.
Manba: "xabar.uz"
| |
|