12:50 O‘zbekistonda maktablarda Science fani joriy etiladi | |
Bir qator rivojlangan xorijiy davlatlar ta’lim tizimida tabiiy fanlar (biologiya, geografiya, kimyo, fizika) 1-6-sinflarda Science dasturi asosida o‘qitiladi. Endilikda O‘zbekiston ta’lim tizimida ham 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab 1-6-sinflarda tabiiy fanlarni o‘zida jamlagan Tabiiy (Science) fanlar joriy etiladi. Tabiiy (Science) fanlar ayni vaqtda o‘qitib kelinayotgan 1-2-sinfda “Atrofimizdagi olam”, 3-4-sinflarda “Tabiatshunoslik”, yuqori sinflarda esa 4 ta alohida fanlar, ya’ni geografiya, biologiya, fizika (6-sinfdan boshlab), kimyo (7-sinfdan boshlab) fanlarini o‘zida birlashtiradi. Tabiiy (Science) fanlarning afzalliklari va ahamiyati shundan iboratki, fan orqali o‘quvchi olamning yaxlit, ajralmas, bir butunligini anglaydi, ilmiy dunyoqarashi shakllanadi, tadqiqotchilik ko‘nikmalari rivojlanadi. Natijada PISA, TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etish imkoniyati kengayadi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi huzuridagi Respublika ta’lim markazi tomonidan Tabiiy (Science) fanlar bo‘yicha Milliy o‘quv dasturi loyihasi yaratilib muhokamaga qo'yilgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|