22:23 Pullarni qo‘lga kiritishning 10 ta qonuni | |
Muvaffaqiyat formulasi Aldadingizmi – sizni ham aldashadi. O‘g‘irladingizmi – siznikini ham o‘g‘rilaydilar. Shunday ekan, boy bo‘lish uslubini tanlaganda o‘zingizga nisbatan halol ish tuting. Ko‘pchilikni qiziqtiradigan mavzu – pul! Nimadir qilish kerak bo‘lsa, darhol «soqqasi» bilan qiziqamiz. Kimdir lotereyadan pul yutsa yoxud daromad ko‘rsa, miqdori qanchaligini bilgimiz keladi. Yangi ishga taklif qilsalar, ish haqi qanchaligini albatta so‘raymiz. Tekinga mushuk ham oftobga chiqmaydi-da! Zero, pullar – sirli dunyo. Bu dunyoning o‘z qonuniyati bor. Farovon yashashni istagan odam pullarning mayda-chuyda qoidalarigacha amal qiladi... 1.Botiniy ong darajasida ishonish qonuni. Bizning boyligimiz – ishonch hosil qilishimizning aniq in’ikosidir. Siz o‘zingizni qanchalik qadrlasangiz, shuncha miqdorga ega bo‘lasiz. Ming dollarlik ish haqiga munosibman deb ishonsangiz, shu pulni olasiz. Agar besh ming dollar olishga loyiqman deya to‘la-to‘kis inonsangiz, besh mingga ega bo‘lasiz. Mabodo ish beruvchidan uch yuz «baks» olishga shubha qilsangiz, bu pul aslo qo‘lingizga tegmaydi. Hammasi oddiy: boyni kambag‘aldan daromadning miqdori emas, ichki hissiy qurilma ajratib turadi. Qanday xulosa chiqarish kerakligi ayon: badavlat bo‘lish uchun o‘zingizga «izn» bering. Kuchli istak qonuni. Moddiy boylikka ega bo‘lish uchun joningiz boricha butun vujudingiz bilan harakat qiling, bu bosh vazifa hisoblansin. Odam o‘z maqsadi yo‘lida nimaiki bo‘lsa qurbon qilishi lozim – turgan gapki, salomatlik, shaxsiy munosabatlar va vijdondan tashqari. Bu – pullar uchun xohlagan ishni amalga oshirish kerak degani emas albatta! Balki boy bo‘lish muhim darajadagi tizimga aylanishi lozim. Birinchi o‘rinda hamisha, hamma vaqt salomatlik, yaqinlar bilan munosabat va ko‘ngil xotirjamligi turadi. Maqsadning aniqligi qonuni. Sizga qancha pul talab qilinadi va ularni nimalarga sarflamoqchisiz, shuni aniq hisoblab chiqing. Mashina olish niyatingiz bormi – u qanday avtoulov, qancha turadi va nima uchun kerak? Uy xarid qilmoqchi bo‘lsangiz – qay darajada, narxi va hokazo. Chin va xayoliy maqsadlarni adashtirib yubormayotganingizga ishonch hosil qiling, ya’ni ma’lum miqdorga ega bo‘lmay turib o‘zingizni dadil yoki jozibali his etishdan umidvor bo‘lmang. Puxta o‘ylangan reja qonuni. Maqsadga erishish uchun puxta o‘ylangan reja zarur, aks holda orzu orzuligicha qolib, cho‘ntakdagi pul ko‘paymaydi. Vazifalarni qadamlab amalga oshiradigan strategiya tuzib chiqing. Orzuga yetish uchun hayotingizda nimalarni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi? Yangi ish topish kerakmi? Ehtimol boshqa kasbni egallashga to‘g‘ri kelar? Yodingizda bo‘lsin: ish nafaqat pullar olib kelishi, balki mamnuniyat, huzur-halovat baxsh etishi ham shart, aks holda hech qanday natija chiqmaydi. Maxsus bilimlar qonuni. Siz soliq tizimi, bank omonatlari haqida tasavvurga ega bo‘lmagan birorta millionerni uchratganmisiz? To‘ppa-to‘g‘ri, bunday boy odam yo‘q, bo‘lmaydi ham. Sarmoyani saqlash va ko‘paytirish uchun maxsus bilimlarni egallash yoki istalgan vaqtda malakali maslahatlar olish imkoni mavjud bo‘lsin. Maqsadingizga yetish yo‘lida muvofiq keluvchi bilim va ko‘nikmalarni egallashni dasturilamal qilib oling, bu juda muhim. Qat’iylik qonuni. Eng ko‘p tarqalgan xatolardan biri – qaysidir bosqichda «tumshuqdan yegach», qo‘llarimizni tushiramiz va yarim yo‘lda ishni tashlaymiz. Bu bilan hech nimaga erishib bo‘lmaydi. Omadsizliklarga tayyor turing. Unutmang: bu – muvaffaqiyat pog‘onasi, o‘zlashtirishingiz kerak bo‘lgan saboqlardir. Darvoqe, biz aksar hollarda shunday xatoga yo‘l qo‘yamiz: muvaffaqiyatsizlikka uchragach, vaziyatni tahlil qilib, qaysi bosqichda noto‘g‘ri ish tutganimiz haqida o‘ylay boshlaymiz. Bu esa nomaqbul yondashuvdir – odam xatolariga e’tibor qaratib, o‘zini ayblaydi, o‘z-o‘ziga bahoni tushiradi. O‘z-o‘ziga baho berish past bo‘lganida esa keyingi urinishda nimanidir qabul qilish og‘ir kechadi. Boshqacha ish tutishga urinib ko‘ring: hammasi to‘g‘ri qilinganiga e’tibor qarating va keyingi safar muvaffaqiyatni kuchaytirishga intiling. Xarajatlarni nazorat qilish qonuni. Naqadar mantiqqa zid yangramasin, biroq boylik miqyosi sizning qancha ishlab topishingiz bilan emas, mavjud davlatingiz hisobiga yashashingiz bilan aniqlanadi. Bu o‘zingiz uchun qizg‘anmasligingizni anglatadi. Sarf-xarajatni shunday yo‘lga qo‘yasizki, daromadning ma’lum qismini istaklaringizni qondirishga ajratasiz, ayni vaqtda kelajagingiz uchun ishlaysiz. Halollik qonuni. Bizning barcha fikrlarimiz va xatti-harakatlarimiz bumerang misoli – ular o‘zimizga qaytadi. Aldadingizmi – sizni ham aldashadi. O‘g‘irladingizmi – siznikini ham o‘g‘irlaydilar. Shunday ekan, boy bo‘lish uslubini tanlaganda o‘zingizga nisbatan halol ish tuting. Agar vijdonsizlik qilsangiz, o‘zingizni hurmat qilmay qo‘yishingizga yuz foiz ishonch hosil qiling. Ishonch qonuni. Muvaffaqiyatsizlikka uchrash haqidagi qo‘rquv – sizni aslida ham «sinish» kutayotgani aniq bo‘lgan kafolatdir. O‘zingizga ishoning. Xuddi muvaffaqiyatsizlikdan sug‘urtalangan kabi harakat qiling – ana shunda omad kuttirmay siz tomonga oshiqadi. Xayriya qonuni. Biz farovonlikka odamlar, ularning yordami, qo‘llab-quvvatlashi tufayli ega bo‘lamiz. Atrofdagilar eng kamida sizni qadrlashadi, intilishlaringiz mahsulini xarid qilishadi. Demak, siz ham ko‘maklashish hamda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj kishilar bilan o‘zingizda borini bo‘lishishingiz kerak. Daromadingizning o‘n foizini xayriya uchun ajrating – ana shunda hamyoningiz qappayaveradi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|