22:30 Samarqanddagi koronavirus o‘choqlari ma’lum qilindi | |
Samarqand viloyatida so‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasi aniqlanganlar soni sezilarli darajada oshganini kuzatish mumkin, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi. Tahlillarga ko‘ra, viloyatda kasallik, asosan, oltita o‘choq orqali tarqalganini ko‘rish mumkin. Jumladan, birinchi o‘choq Toyloq tumanida, ikkinchi o‘choq Oqdaryo tumanida, uchinchi o‘choq Payariq tumanida, to‘rtinchi o‘choq Ishtixon tumanida, beshinchi o‘choq Samarqand shahri va oltinchi o‘choq xalqaro yuk tashish avtomashinasi haydovchisi bilan bog‘liq. So‘nggi 14 kun ichida viloyatda 156 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Birgina 12 may kuni 19 nafar va 15 may kuni 23 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangani viloyatdagi vaziyatning naqadar jiddiy ekanini ko‘rsatmoqda. Bugungi ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyatida yana 19 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ayni holatga ko‘ra, viloyatda aniqlangan bemorlar soni 261 nafarni tashkil etib, sog‘ayganlar 154 nafarni (bugun 10 nafar bemor sog‘aygan) tashkil etmoqda. Hozirda davolanayotgan bemorlar soni bo‘yicha esa Toshkent shahridan (293 nafar bemor davolanmoqda) keyin Samarqand viloyati (106 nafar bemor davolanmoqda) ikkinchi o‘rinda turibdi. Shundan kelib chiqqan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z mutaxassislari bilan birgalikda Samarqand viloyati, shuningdek, boshqa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar aniqlanayotgan hududlarda karantin qoidalarini kuchaytirish, mahalliy xokimliklar, Milliy gvardiya, Ichki ishlar xodimlari kabi qator muassasalar bilan birgalikda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni samarali davolash hamda karantindagi fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishni yanada samarali yo‘lga qo‘yish borasida izchil faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi mutaxassislari, Toshkent tibbiyot akademiyasi professor-o‘qituvchilaridan iborat guruh Samarqand viloyatiga safarbar etilib, bemorlarni xalqaro standartlar asosida davolash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Ammo yurtimizda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilayotgani tufayli berilgan erkinlikni noto‘g‘ri tushunib, ba’zi xududlarda aholi zaruratsiz ko‘chalarda yurishayotgani, karantin qoidalariga amal qilishmayotgani kabi holatlar ko‘zga tashlanmoqda. Bu esa infeksiya yuqtirish xavfini yanada kuchaytirmoqda. Shu sababli karantin qoidalari yumshatilayotgan bir paytda ba’zi qoidalarni odatiy turmush tarzimizga aylantirish talab etiladi. Jumladan, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish, ijtimoiy masofani saqlash, qo‘llarni tez-tez va yaxshilab yuvish, dezinfeksiya qilish, tibbiy niqob taqib yurishni odatga aylantirish kabi qoidalariga amalga qilgan holda infeksiya yuqishdan o‘zimizni ehtiyot qilishimiz zarur. Eng muhimi, barchamiz hamjihat bo‘lib, mas’uliyat bilan karantin qoidalariga amal qilsak, koronavirus pandemiyasi ustidan, albatta, g‘olib bo‘lamiz, deyiladi SSV xabarida.
Manba: "xabar.uz"
| |
|