17:46 Toshkent va Samarqandda jami 10 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi | |
Toshkent shahri va Samarqand viloyatida 10 nafar bemor koronavirus kasalligidan butkul sog‘aydi. Bu haqda bugun, 7 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida tuzalganlarning 4 nafari erkak, 1 nafari ayol. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahridan 1 nafardan. Ularning 2 nafari Rossiyadan, 1 nafari Turkiyadan kelgan va karantinga olingan, kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan. Qolgan 2 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda. 3-sonli tug‘ruq majmuasida sog‘aygan ayollarning 2 nafari poytaxtimizdan, 2 nafari esa Toshkent viloyatidan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning eng yoshi kattasi 37 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 24 yoshda. Toshkent shahrida shu paytga qadar 518 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 527 nafarga yetdi. Shuningdek, Samarqand viloyatida tuzalgan yana 1 nafar 55 yoshli ayol Toyloq tumanidan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Endilikda viloyatda sog‘ayganlar 70 nafarga yetdi. Ma’lumot uchun, bugun 92 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1748 nafarni tashkil etmoqda. Ayni paytda koronavirus aniqlanganlar soni 2324 nafarni tashkil qilib, sog‘aygan va vafot etganlardan tashqari, jami 566 nafar bemor davolanmoqda.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|