19:43 Toshkentda karantin rejimi kuchaytirilishi kutilyapti | |
O‘zbekistonga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi mamlakatda, jumladan, Toshkent shahrida yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda karantin cheklovlarini yanada kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Telegram`dagi davletovuz kanalida xabar berildi. Qayd etishi kerakki, Respublika maxsus komissiyasining 22 iyundagi qarori bilan Toshkent shahrida karantin choralari kuchaytirilgandi. Xususan, Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi aniqlangan “qizil” hududlarni blokpostlar o‘rnatgan holda mahalla, dahalar va ko‘chalar kesimida yopilishi, karantinga olingan fuqarolarning uyi oldida 24 soatlik navbatchilik tashkil etilishi belgilangandi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgandi. Shundan so‘ng mamlakat bo‘ylab karantin rejimi o‘rnatilgandi. 22 martdan e’tiboran poytaxt Toshkentda jamoat transporti harakati vaqtincha to'xtatilgandi. 8 iyundan avtobuslar harakatiga ruxsat berildi, ammo metro faoliyati tiklanmadi. 24 mart kuni Toshkent shahriga kirish nuqtalarida postlar o‘rnatilgandi. Poytaxtni viloyatlar bilan bog‘lovchi xalq orasida “Erkin posti” nomi bilan ataluvchi yo‘l-patrul xizmati maskanini Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov va Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev yopib bergandi. 30 martdan 20 aprelga qadar Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida avtomobillarda harakatlanish uchun Davlat xizmatlari markazlaridan maxsus stiker olish kerakligi belgilandi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|