20:39 Turmushingizga begona ayol tahdid qilsa... | |
«Turmush o‘rtog‘im bilan munosabatlarimiz yaxshi, sevib-sevilib oila qurganmiz, ammo...» Mana shunday jumlalar bilan boshlanuvchi murojaatlarning davomi aksariyat hollarda uchinchi shaxsga ulanib ketadi. Ya’ni kimdir ukasining oilasiga xo‘jayinlik qilishni istaydigan qaynopasidan, yana birov tinch uyiga tosh otguvchi ovsinidan, aksariyat ayollar esa eri ilakishib qolgan juvonning yuzsizligidan nolishadi. Xo‘sh, oila atalmish qo‘rg‘onga uchinchi kishining aralashuviga qanday chek qo‘yish mumkin? Bugun ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan shu savolga javob izlaymiz. Birinchi vaziyat: «Kuyovimning jazmani bizni qo‘rqitayapti...» — Yoshim yetmishga yaqinlashib qolgan. Katta qizimning turmushidan ko‘nglimiz to‘q edi. Bir qizini uzatdi, nevara suydi, deya xotirjam edik. Afsus qirqdan oshganda kuyovimiz qiliq chiqardi. Oilasidan ajrashgan juvonga ilakishib qolibdi. U ayol shunchalik shallaqi, farosatsiz ekanki, birovning erining boshini aylantirib olgani yetmagandek, qizimga ham, bizga ham qo‘ng‘iroq qilib, tinchlik bermaydi. Haqoratli so‘zlar, qizimdan eri bilan ajrashishni talab etishlari bizni juda charchatdi. Xo‘jayinim mahallasiga borib, bu ayolni tartibga chaqirishlarini so‘radi. Buni eshitgan kuyovim esa uch farzandining onasini o‘lasa qilib uribdi. Shifokorlar qizimga shikoyat arizasini yozishni aytishgan ekan, qizlarining kelajagini o‘yladi. Otasi onasini kaltaklab qamalib ketgan, degan gap yaxshimas-da. Biz ham nevaralarimiz taqdirini o‘ylab, qizimning oilasi buzilib ketishini istamaymiz... Marg‘uba opa Ikkinchi vaziyat: «Ovsinim shantajchi» — Turmushga chiqqanimga to‘rt yildan oshayapti. Erim ham, qaynota-qaynonam ham yomon odamlar emas. Faqat ovsinimning dastidan kun yo‘q. Qaynakam xorijga, ishlashga ketgan. Ovsinim nuqul o‘zini kasallikka solib, ro‘zg‘or ishlarini qilmagani yetmagandek meni ham tinch qo‘ymaydi. Qulog‘im tinch bo‘lsin deya, bolam ikki yoshga to‘lmasdan ishga tushib ketgandim. Uyga kelsam, har kuni bir muammo chiqaradi. Pichinglari jonimdan o‘tib ketib, javob qaytarsam, katta to‘polon boshlaydi. Erim «Xotinlarning janjali deb, akam bilan yuzko‘rmas bo‘lishni istamayman», deyishdan nariga o‘tmaydi. Qaynonam katta kelinining fe’lini bilgani sabab yonimni ololmaydi, chunki undan qo‘rqadi. Oxirgi marta tillalarini o‘g‘irlaganlikda ayblab, menga tuhmat qildi. Suyangan turmush o‘rtog‘im o‘sha janjalda meni urishgani uchun uyga ketib qoldim. Endi «Biz seni haydaganimiz yo‘q, qanday ketgan bo‘lsang, shunday qaytaver», deyapti... Bunaqa ovsin bilan bir uyda yasholmayman... Bahora Besh qo‘l barobar emas... Yer yuzidagi barcha insonlar ham bir xil fe’lli bo‘lmaydi. Afsuski, yomon niyatli, yuz-xotir qilmaydigan, iymoni sust bandalar ham bor. Ular boshqalarning oldidagi oshga tap tortmasdan qo‘l uzatishni, hatto tortib olmaguncha qo‘ymaslikni uyat bilishmaydi. Ayrim ayollarning bu fe’liga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin: Xudbinlik — «Nega endi men baxtsizman?!» Baxt tushunchasini anglay olishmagani tufayli o‘zgalarning baxtiga changal solishadi. Birovning baxtsizligi evaziga baxtli bo‘la olmasliklarini esa tushunishmaydi. Hasadgo‘ylik — o‘zining turmushini o‘zgalarniki bilan solishtiradi. Kelini, ovsini yoyinki u o‘rnida bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayolga o‘zicha past baho berib, baxillik qiladi. «U emas, men bunday hayotga arziyman», deya kalta o‘ylaydi. Mulohaza yuritmaydiki, hasad qilayotgan oilasining aslida havas qilarli darajaga yetishishida o‘ziga dushman deb biladigan ayolning hissasi katta. Ochko‘zlik — nafsning izmiga yurish. Moddiy manfaatlarni ko‘zlagani sabab ham er-xotin o‘rtasiga nizo solishlari mumkin. Nega sizga hujum qilayapti? Shallaqi, yengiltak ayol, tuhmatchi ovsin nega aynan sizga tahdid qilayapti? Keling, avvalo sabablarni aniqlaylik: Oila devorlari mustahkam emas. Uydagi gap ko‘chaga chiqqan. Yo xotin, yoki er turmushidan nolib, uchinchi kishining oilaviy hayotiga kirib kelishiga imkon bergan. Er-xotin bir yoqadan bosh chiqarmaydi. Ikkisi ikki dunyoda yashaydi yoki bir-birini qo‘llashni, quvvatlashni bilmaydi. O‘zaro hurmat yo‘q. Ayniqsa, erkak kishining boshqalarning ko‘z oldida ayolini qadrsizlantirishi, yuqorida ta’riflaganimiz kabi odamlarga kuch bag‘ishlaydi. Ular bilishadiki, eri qadrlamaydigan, himoya qilmaydigan ayolning ustidan adolatsizlarcha g‘alaba qilish oson. Ayol ham, erkak ham tabiatan juda bo‘sh. O‘z haqqini talab qilishni bilishmaydi. Yoki darrov asabiylashib ketishadi, yoyinki haddan ziyod andisha qilishadi. Erkakning oiladagi vazifalarini, mas’uliyatini unutib qo‘yganligi. Bunday erkaklar ko‘chadagi ayol uning hayoti ustidan hukm chiqarishiga ham, aka-ukasining rafiqasi jufti-halolini oyoqosti qilishiga ham sababchi bo‘lishadi. Ayolning ko‘nikuvchanligi, vaqtida to‘g‘ri tadbir ko‘ra olmasligi. Masalan, xiyonatning hidini sezishi bilan o‘z xatolarini to‘g‘irlab, turmush o‘rtog‘i bilan bu masalani hal qilib olmaganligi oqibatida vaziyat chuqurlashib ketib, begona ayolning unga nisbatan shallaqilik qilishigacha yetadi. Oilada qadriyatlarning shakllanmaganligi. Bahoraning vaziyatida er akasi bilan munosabatlarini sovuqlashmasligi uchun go‘yoki o‘zini chetga olayapti. Bilmaydiki, xotini ham uning jufti, ikkinchi yarmi. Uni himoyalash akaga qarshi borish degani emas, aksincha erkak bo‘lib, oilada tartib o‘rnatishdir. Nima qilish kerak? Yuqoridagi murojaatlar misolida vaziyatni tahlil qilar ekanmiz, albatta, bu muammodan chiqish yo‘llarini ham izlashimiz kerak. Marg‘uba opa, sizning onasi sifatida qizingiz uchun qayg‘urishingiz, uning oilasini asrab qolishga harakat qilishingizni tushunamiz. Ammo hozir eng avvalo uch farzandning onasi bo‘lgan qizingiz harakat qilishi kerak. U nima istaydi? Begona ayolning nag‘masiga uchib xotinini kaltaklaydigan er bilan tishni-tishga qo‘yib yashashnimi yoki qat’iy chora ko‘rishnimi? Ayolga jismonan va ma’nan zarar yetganida, u o‘zini qo‘lga olib, muammoga tik qarashi shart. Ertaga bunday kaltaklashlar, tahdilar natijasida vaziyat yanada og‘irlashib ketishi hech gapmas. Shuning uchun kuyovingizga qizingizni himoya qiluvchilar borligini anglatib qo‘ying. Yuzsiz ayolga nisbatan huquqiy choralar ko‘rishga ikkilanmang. Shahar bedarvoza emas. Sizni o‘ylantirayotgan nevara qizlar taqdirida otaning roli katta, biroq ularni otasining obro‘si, puliga qarab kelin qiladigan oilalar bilan quda bo‘lishingiz oxir-oqibatda o‘zini oqlamasligi mumkin. Shuning uchun ayni paytda, nevaralaringiz uchun onasining salomatligi muhimligini unutmang. Bahora, siz turmush o‘rtog‘ingiz bilan gaplashib olishingiz kerak. Bosiqlik bilan, «Meni himoya qilmadingiz» degan achchiqlardan xoli ravishda unga tushuntiring. Shu oilada baxt topishni istashingizni, u bilan birga farzandlarni tinchlik-osoyishtalikda katta qilishni xohlashingizni, uning ota-onasi va yaqinlarini hurmat qilishingizni anglating. Uyga qaytgach, qaynonangizdan ham o‘pkalab yurmang-da, kezi kelganida, ulardan ovsiningiz bilan muammolarni hal qilishda yordam so‘rang. Ya’ni siz qanyonangizni bosh rolga olib chiqing. Chunki ovsiningizning tuhmat qilishi ularga nisbatan ham hurmatsizlik sanaladi. Bu bilan eringiz, qaynonangizni o‘zingiz tomonga og‘dirib oling demayapmiz, ularning ko‘ngliga yo‘l topib, o‘rtada shunday rishta o‘rnatingki, ovsiningizning mustahkam munosabatlarga raxna solishga haddi sig‘masin. Fe’lingizga ham nazar tashlang. Nega ovsiningiz sizga bunday munosabatda bo‘ladi? O‘zingizdan ham o‘tgan xatolar bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ko‘ring va ularni bartaraf eting. Xulosa Oila bu ikki kishining mehr-muhabbatidan tashkil topadigan jamiyat. Agar unda bo‘shliq bo‘lmasa, ikki tomon bir-birini eshitishni, tushunishni, qadrlashni bilsa, uchinchi odam muqaddas qo‘rg‘onni vayronaga aylantira olmaydi. Muhimi, vaqtida chegaralarni o‘rnatib, mustahkamlab olish. Ayollar, tadbirli bo‘ling va o‘z qadringizni biling. MUXLISA
Manba: "darakchi.uz"
Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin. Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat! Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi! Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz! | |
|