Главная » 2017 » Январь » 12 » Xiyonat zahrini totganlar yoxud erkakni bu yo‘ldan qaytarib bo‘ladimi?
17:36

Xiyonat zahrini totganlar yoxud erkakni bu yo‘ldan qaytarib bo‘ladimi?


Xiyonat… Dunyoda ayol zoti uchun jufti halolini bo‘lishishdek qattiq azob bo‘lmasa kerak. U hamma narsaga chidaydi. Ammo yostiqdoshining xiyonatini ko‘tara olmaydi. Bugungi qahramonlarimiz ana shunday azob iskanjasida qiynalib, dardlariga malham izlab bizga murojaat qilishgan…

 

QIZLARGA SUYaGI YO‘Q ER

Umida Qosimova, 34 yosh, Jizzax shahridan:

— Erim bilan sevishib turmush qurmaganimda ham bunchalar kuymasdim. Ortimdan yalinib yurib uylangandi. Bilardim, o‘sha paytda ham mening ko‘zimni shamg‘alat qilib boshqa qizlar bilan gaplashib turardi.

— Bu bilan hayotingni bog‘lama, bir umr kuyib o‘tasan, — degandi bir dugonam.

Uni yaxshi ko‘rganim uchun ham voz kechmaganman. Meni qattiq sevadi, deb o‘ylarkanman-da! To‘g‘ri, u boshqa hiyonatkor erkaklar kabi men kamsitmaydi, janjallashmaydi. Ammo eng yomoni, chiroyliroq ayol yoki qizni ko‘rsa o‘zini tutolmaydi. To‘y-hashamlarga borsak, uyalib ketaman. Ozgina ichib oladi-da, duch kelgan ayolga shirin gapirib, raqsga taklif qiladi. Yana ko‘cha-ko‘yda birorta chiroyli qizni ko‘rib qolsa ham albatta menga kelib aytadi ham:

— Bugun ko‘chada bir qizni ko‘rdim: asal! O‘zi kechroq tug‘ilish kerak ekan. Kundan-kun qizlar go‘zallashib borayapti.

Gohida asablarim qaqshab ketganidan baqirib yuboraman:

— Ayollardan ham boshqa dardingiz bormi? Nega bunaqasiz? Odamlar sizni g‘irt xotinboz deydi. Menga achinish bilan qarashadi.

— Birorta bilan yurganimni ko‘rdingmi? Meniki faqat tilda. Boshqalarga o‘xshab yurib ketsam nima qilarding? Qo‘lingdan hech narsa kelmaydi-ku!

O‘zim ham uning gapiga qo‘shilib, taskin topaman. Rostdan ham uning birov bilan jiddiy yetaklashib ketganini ko‘rmadim. Ammo barchaning ko‘z o‘ngida meni hijolat qilishi jonimga tegib ketdi. Nima qilsam, shu odatini tashladi?

Maslahat: — Bunga ko‘z bilan yaxshi ko‘rish deyiladi. Siz uning bu odatini tashlata olmaysiz. Bu uning fe’li. Shunaqa yaralgan u. Hayrati, sevinchi, dardi har doim oshkor bo‘ladi ularning. Eringiz to‘g‘ri aytibdi, rostmana xiyonat qilsa nima  qilardingiz? Bunaqa insonlar ochiq kitobga o‘xshaydi. Hech narsani yashirib o‘tirishmaydi. Shuning uchun eringizdan hecham xavotir olmang va bekorga siqilmang ham. Uni shu holicha qabul qiling.      

 

«KUNDOShIMDAN SO‘NG YaNA KUNDOSh…»

Jamola Tursunova, 30 yosh, Toshkent shahridan:

— Mening ko‘rganlarimni hali hech bir ayol ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Erim menga ochiqchasiga hiyonat qiladi. Hatto, bittasini ikkinchi xotin ham qilib olgan. Albatta, buni sir tutadi. Ammo ayolning ichida gap yotarmidi? Kundoshim menga qo‘ng‘iroq qildi:

— Eringiz menga uylangan. Yaqinda uy ham olib berdi. Menikiga kelganda darrov chaqirib olasiz. Unda mening ham haqqim bor. Bir kun siznikida, bir kun menikida yashaydi. O‘zim aytaman, u kishiga. Yana janjal qilib yotmang. Biz bir-birimizni sevamiz. Shukr qiling, sizni qo‘yib yubormadi. Shunday ekan, men bilan murosa qiling. Agar xohlasam, hoziroq siz bilan ajrashadi. Men esa unday qilmayman. Bolalaringizni o‘ylayapman. Siz ham meni o‘ylang. Yaqinda farzandli bo‘laman.

Albatta, bu gaplardan so‘ng janjal qilmaslikning iloji yo‘q. Erim bilan rosa aytishdim. U esa menga qat’iy dedi:

— Chidasang shu. Chidamasang, ana katta ko‘cha ketaver. Men u bilan ham yashayman.

Faqat shu bo‘lsa ham mayli edi. Yaqinda ishxonasidan bir ayol qo‘ng‘iroq qilib meni ogohlantirdi:

— Aytmay dedim-u, yana vijdonim chidamadi. Ishxonamizdan bir qiz eringizning boshini aylantirayapti. Harom yo‘l falokat olib keladi. Gunohi bolalaringizga urmasin, deb aytayapman. Eringizga tushuntiring, u yaxshi qiz emas.

Chidolmay yana gapirdim. U esa battar tutaqdi:

— Endi qadamimni sanaydigan bo‘ldingmi? Meni tergaguncha o‘zingga qara, cho‘chqaga o‘xshaysan!

Xo‘rligim kelib ketdi. Semiz bo‘lsam ham mayli edi. To‘g‘ri, qomatim qizlarnikidek emas. Axir uchta bolaning onasiman. Ammo juda beso‘naqay ham emasman-ku! Siqilib ketganimdan rosa yig‘ladim. Hozircha bolalarim yosh. Lekin katta bo‘lsa, hamma narsani tushunsa nima qilaman? Erimni bu yo‘ldan qanday qaytarsam bo‘ladi?

Maslahat: — Bu juda jiddiy masala. Nazarimda, eringiz toparman-tutarman, o‘ziga yarasha obro‘-e’tiborli kishi. Sizning eringiz kabilarni bu yo‘ldan qaytarish qiyin. Chunki, bunaqa erkaklar har doim «xaridorgir» bo‘ladi. Ularni ayollarning o‘zi yo‘ldan urishga urinadi. Shuning uchun sizdan avvalo, juda ko‘p sabr talab qilinadi. Keyin esa o‘zingizni asrab avaylashingiz lozim. Bugungi asabiylashishlaringiz ertaga albatta sog‘lig‘ingizga ta’sir qiladi. Farzandlaringiz uchun ham sog‘ va omon bo‘lishingiz kerak. Shuning uchun o‘zingizga birorta ish toping. Chiroyli kiyining va yasan-tusan qiling. Yana eringizga sal beparvo ham bo‘lishingiz kerak. Hech qachon uning ortidan tushmang. G‘ururli va go‘zal bo‘lsangiz u albatta sizni bee’tibor qoldirmaydi. 

   

INTERNETDAN TOPILGAN «RAQIBA»

Nigora Asadova, 26 yosh, Samarqand shahri:

— Turmush qurganimizga to‘rt yil bo‘ldi. Bitta farzandimiz bor. Sovchi orqali topishganmiz. Men u kishini juda yaxshi ko‘raman. Nazarimda, u kishi ham meni sevadi. Ochig‘i, yaqin-yaqin kunlargacha shu xayolda edim. Menga munosabati har doim bir xil bo‘lganidanmi, umuman gumon qilmasdim. Ammo yaqinda… Turmush o‘rtog‘im telefonini uyda qoldirib ketibdi. Qarasam, o‘chiq ekan. Shunchaki yoqib ko‘rdim. Yoqishim bilan parol qo‘yilmagani uchun elektron pochtasi birdan ochildi. Birdan ekranda uch-to‘rtta yozuv paydo bo‘ldi: «Bugun yo‘qsiz?», «Sizni sog‘indim…», «Qanisiz?»…

Avvaliga tushunmadim. Keyin anglab yetdimki, bu erimning internetdagi yozishmalari ekan. Chiqqan yozuvlar esa «Gulya» degan pochtadan kelgan. Qiziqib va rashk o‘tida yonib ularning hamma yozishmalarini o‘qib chiqdim. Bilishimcha, ular anchadan buyon yozishib yurishadi. Unga oilali erkakligini aytgan. Lekin yozishicha, meni unchalik yoqtirmasmish. Erimning yozishmasida, «sizga bog‘lanib qolayapman, kim bilsin balki bu sevgidir?», degan so‘zlar ham bor edi. Tutab ketdim. Qiz esa hali turmushga chiqmaganmish. «Sog‘indim», deganiga qaraganda ancha yaqin…

Erim ishdan kelguncha ham sabrim chidamadi:

— Qachondan buyon sizga yoqmayman? Sizni sog‘ingan Gulyalar tinmay xat yozayapti…

Uning nafasi ichiga tushib ketdi. Keyin birdan o‘zini qo‘lga olib baqira boshladi:

— Nega telefonimni yoqding? Kim teginsin, dedi senga?

Uyga kelgach, esa meni ovutdi:

— Bu bir o‘yindek gap. Parvo qilma! Internetda nimalar bo‘lmaydi, deysan? Bir-birini ko‘rmay-bilmay hamma aljiraydi-da! Men ham ishda bo‘sh paytlarim zerikmaslik uchun gaplashganman. O‘sha qizni ko‘rib yotibmanmi, hayotda?

Bu so‘zlar taskin bergandek bo‘ldi. Lekin baribir shubhalarim tarqamayapti. Erim rostdan meni yomon ko‘radimi? U qizni sevadimi?

Maslahat: — Sizning birinchi xatongiz — eringizning telefonini titkilaganingiz. Erkak kishi o‘ziga tegishli narsalarga tekkan odamni yoqtirmaydi. Ikkinchi xatongiz — buni unga bildirib, janjal qilganingiz. Endi u sizdan ehtiyot bo‘ladi. Bilishni istagan narsangizni ham bilolmaysiz. Ayol kishi o‘zini uyda sal beparvo tutgani yaxshi. Shunda u sizga e’tibor qila boshlaydi. Bundan keyin unga, ayniqsa uning telefondagi muloqotiga umuman parvo qilmang. Birinchidan, o‘zingizga yaxshi, asabingiz buzilmaydi. Ikkinchidan, sizning bu qilig‘ingiz uni befarq qoldirmaydi. O‘z-o‘zidan siz haqingizda o‘ylay boshlaydi. Siqilmang, u sizni yaxshi ko‘radi. Shu mehrni yo‘qotmaslikka harakat qiling.

N.Usanboyeva


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: Rashk, Er-xotin, Xiyonat, er, Zaxar | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz