10:33 1 yanvardan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi? | |
2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik pasporti o‘rniga ID-karta ko‘rinishidagi shaxsni tasdiqlovchi hujjat berish boshlanadi. Bunda fuqarolarning biometrik pasportlarini ID-kartalarga almashtirish 2022 yil 31 dekabrgacha ixtiyoriylik asosida, 2023 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi. 2011 yilgi namunadagi biometrik pasport 2031 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi. O‘zbekiston fuqarolari xorijga faqat «qizil pasport» bilan chiqishi mumkin bo‘ladi. Fuqarolar vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish yuzasidan o‘zlariga qulay bo‘lgan tuman (shahar) ichki ishlar organlari yoki Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Davlat tashkilotlari tomonidan davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda fuqarolardan 11 turdagi hujjatlarni talab etish to‘xtatiladi. Foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish taqiqlanadi. Jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tadbirkorlik sub'yektlari (yuridik shaxslar) tomonidan amalga oshirilishi mumkinligiga oid hujjat kuchga kiradi. Bosqichma-bosqich ravishda majburiy tibbiy sug‘urtalash tizimi joriy etiladi. 2023 yil 1 yanvarga qadar ro‘yxat bo‘yicha chetdan olib kirilayotgan urug‘lar, ko‘chatlar va payvandtaglar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari hamda ularning butlovchi qismlari bojxona bojidan ozod etiladi. Hukumat qarori bilan tasdiqlangan bojxona yig‘imlari stavkalari qo‘llana boshlaydi. Davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va amalga oshiriladi. Ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish bo‘yicha prezident farmoniga binoan:
Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijga chiqib ketayotgan shaxslar ishga yuborilishidan oldin davlat va nodavlat ta'lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitiladi. Yer turi, konturi, chegarasi va huquq egalari haqidagi barcha ma'lumotlar Kadastr agentligining onlayn geoportaliga kiritiladi, onlayn geoportal Milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi, yer balansi va uning hisoboti, tuman (shahar) yer kadastri daftari faqat Milliy geoaxborot tizimida yuritiladi, Davlat kadastrlari yagona tizimi Milliy geoaxborot tizimida shakllantiriladi. Barcha sudlarda sud majlislari taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib boriladi hamda sud majlislari bayonnomalari ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantiriladi. Sudyalar pensiya ta'minoti tartibida ayrim o‘zgarishlar bo‘ladi. Umumyurisdiksiya sudlarining malaka hay'atlari shakllantiriladi. MIB hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari o‘z faoliyati to‘g‘risida tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga har yarim yilda hisobot taqdim etib boradi. Davlat ijrochisi lavozimiga yangi tayinlangan shaxslarga Bosh prokuratura Akademiyasida maxsus dastur bo‘yicha boshlang‘ich tayyorgarlik kurslarini o‘taganidan so‘ng o‘z xizmat vazifalariga kirishishga ruxsat beriladi. «O‘zgidromet» va «Meteoinfokom» xodimlarining lavozim maoshlarini hisoblashda Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashda tarif koeffitsiyenti ikki baravar oshirilgan holda qo‘llanadi, shuningdek, ushbu xodimlarga sohada uzoq muddat xizmat qilgani uchun oylik ustama haq to‘lanadi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Xususiy sektorni tahlil qilish va rivojlantirish boshqarmasi tashkil etiladi. Avtomototransport vositasi konstruksiyasini va (yoki) uning qismini o‘zgartirish bilan bog‘liq faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnomani taqdim etish va avtomototransport vositasini qayta jihozlashga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom kuchga kiradi. Aholi punktlarining bosh rejalari jamoat muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda tasdiqlanadi. Davlat ta'lim muassasalari balansidagi sport inshootlarini jismoniy tarbiya darslaridan bo‘sh vaqtlarda sport maktablari va boshqa sport tashkilotlariga belgilangan tartibda ijaraga berish majburiy etib belgilanadi. Akademik litsey pedagoglari va xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirish choralari ko‘riladi. Qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlanadi. Shuningdek, oilaviy shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligi bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi hamda uning natijalariga qarab ushbu xodimlar har chorakda BHM 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. 40 va undan yuqori yoshdagi fuqarolarda yurak qon-tomir xavfini (gipertoniya, infarkt, insult, qandli diabet va boshqa xavf omillarini) aniqlash bo‘yicha tizimli ravishda skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi. Har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo‘laklari»ni qurish ishlari boshlanadi. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-sayti bo‘lishi, unda iqtisodiy, moliyaviy va boshqa statistik ma'lumotlarning, shu jumladan, har chorakda yillik biznes-rejaning bajarilishi va rivojlanish strategiyalarida nazarda tutilgan dasturlarning natijalari to‘g‘risidagi hisobotni joylashtirish majburiy bo‘ladi. Yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish maqsadida:
Xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibida o‘zgarishlar bo‘ladi. Ilmiy tashkilotlar rahbarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitish va muntazam malakasini oshirib borish tizimi joriy qilinadi. Shuningdek, har bir ilmiy tashkilotda ilm-fan va ilmiy faoliyat bo‘yicha maslahatchi lavozimi kiritiladi. Barcha auksion savdolari natijalarini QR-kodni qo‘llash orqali rasmiylashtiriladi. Jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan, maishiy tusdagi ofatlar (turar, noturar-joyning yong‘ini yoki qulashi, transport vositasining yong‘ini) yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklashda davlat boji va yig‘imlardan ozod qilinadi. Markaziy telekanallarda «Tilga e'tibor», «Ona tilida so‘zlashamiz», «Notiqlik mahorati», «Til – millat ko‘zgusi», «Kitob bilim manbai», «Bilimli yoshlar — kelajak bunyodkori» kabi turkum ko‘rsatuv va eshittirishlarni tashkil qilinib, muntazam ravishda efirga uzatib borilishi yo‘lga qo‘yiladi. Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda olinadigan davlat boji mablag‘larining 20 foizi Savdo-sanoat palatasiga yo‘naltiriladi hamda davlat aktivlarini sotishdan tushadigan mablag‘larning Savdo-sanoat palatasiga yo‘naltiriladigan qismi 3 foizdan 5 foizgacha oshiriladi. Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining rahbar xodimlari, shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi «Mehribonlik» uylari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash shartlarida o‘zgarishlar bo‘ladi. Xususiy sektor tomonidan tashkil etilgan, akkreditatsiyadan o‘tgan karantin laboratoriyalari tomonidan eksportga yuklanayotgan meva-sabzavot mahsulotlariga va boshqa materiallarga xulosa berishga ruxsat beriladi hamda Inspeksiya tomonidan eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlarining mutaxassislari uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi. Moliya vazirligining bir qator funksiyalari O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasiga o‘tkaziladi. Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish uchun majburiy to‘lov tariflarini tasdiqlash tartibi o‘zgaradi. Bundan tashqari, aholi tomonidan yuborilgan ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar ko‘rib chiqiladi hamda ularni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarimaning 15 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Turizm faoliyatini litsenziyalashda turoperatorlar xizmatlarini sertifikatlash ixtiyoriy etib belgilanadi va litsenziyalashga oid bir qator tartibotlar bekor bo‘ladi. Strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishning alohida tartiblari bekor qilinadi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining amaldagi oylik ish haqlariga qo‘shimcha ravishda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘lganda lavozim maoshiga — 30 foiz, fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga ega bo‘lganda — 60 foiz har oylik ustamalar belgilanadi. Davlat ishtirokidagi 9ta korxonada tajriba (sinov) tariqasida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi. Xorijiy eksport qiluvchilar reyestriga kiritilgan eksport qiluvchi tashkilotlar va shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi hududiga davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni olib kirishga ruxsat beriladi. O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSh dollari, 2022 yil 1 yanvardan 0,05 AQSh dollari, 2023 yil 1 yanvardan — 0,1 AQSh dollari va 2025 yil 1 yanvardan — 0,2 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ham «Manzil» tizimi orqali amalga oshiriladi. Shifokorlar uchun har 5 yilda malaka toifasini olish bo‘yicha majburiy attestatsiyadan o‘tish tartibi kiritiladi, shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish uchun to‘lov bekor qilinadi. Shifokorlar va provizorlarning Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi taqiqlanadi. Noshirlik va matbaa korxonalarining bosma mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan tushumdan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi huzuridagi «Ijod» fondiga ajratmalar o‘tkazish bekor qilinadi. Qurilish sohasidagi davlat xaridlari tartibida o‘zgarishlar bo‘ladi. Davlat xizmatlarini aholi gavjum bo‘lgan va jamoat joylarida o‘rnatiladigan interaktiv infokiosklar orqali o‘ziga o‘zi xizmat qilish tamoyili asosida ko‘rsatish tartibi joriy etiladi. Issiqlik quvurlarini rekonstruksiya qilishda majburiy tartibda issiqlikni saqlovchi, shu jumladan, penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali va himoya qobig‘iga o‘ralgan, kanalsiz yotqizish imkonini beruvchi quvurlar ishlatiladi. O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida jamoat transportida yo‘lovchi tashish uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi. Davlat fuqarolik xizmati nazarda tutilgan respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshiriladi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazilgan Yongin xavfsizligi bosh boshqarmasi va Yongin xavfsizligi institutining shahodatlangan xodimlari shartnoma bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatni o‘tash masalalarida pul ta'minoti, kiyim-kechak, tibbiy va maishiy xizmat, ijtimoiy imtiyozlar va nafaqa kafolati tartiblari bo‘yicha vazirlik harbiy xizmatchilarining tegishli toifalariga tenglashtiriladi. Xalq deputatlari Kengashlariga Soliq kodeksi bilan belgilanadigan soliq stavkalari asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun tuman va shaharlar kesimida, ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yer solig‘i stavkasiga 0,5dan 2,0gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda yer solig‘i stavkalarini belgilash vakolati berilmoqda.
Manba: "kun.uz"
| |
|