17:34 AQSh Alisher Usmonovning ikki singlisiga sanksiya qo‘lladi | |
O‘zbekistonning 5 nafar fuqarosi (Alisher Usmonovning qarindoshlari) AQShning Rossiyaga qarshi kiritgan yangi sanksiyalari ro‘yxatiga tushdi. Ro‘yxatdan Ucell'ga egalik qiluvchi Digital Invest va O‘zbekistonning uchta kompaniyasi ham joy olgan.12 aprel kuni AQSh hukumati Rossiyaning Ukrainaga bosqini bilan bog‘liq sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. AQSh Moliya vazirligining sanksion ro‘yxati 20 ta mamlakatdagi 120 ta yuridik va jismoniy shaxslar bilan to‘ldirildi. Ular orasida 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan 3 ta kompaniya ham bor.SDN List'ga qo‘shilgan o‘zbekistonlik jismoniy shaxslar – milliarder Alisher Usmonovning qarindoshlari. Ular quyidagilar: Ismoilova Gulbahor Burhonovna – Alisher Usmonovning singlisi. Akasi bilan The Sister Trust'ga egalik qiladi. AQSh hukumatiga ko‘ra, Gulbahor Narziyeva O‘zbekistondan tashqari, Rossiya va Kipr fuqaroligiga ham ega. Unga nisbatan avvalroq Yevropa Ittifoqi, Britaniya va Shveytsariya ham sanksiya qo‘llagan. Toshkentda joylashgan Fedorovich nomidagi klinika ta’sischilaridan biri (82,1 foiz, qolgan ulush Zunnur Ismoilovga tegishli). Narziyeva Saodat Burhonovna – Alisher Usmonovning singlisi. Akusher-ginekolog, tibbiyotda 30 yildan ortiqroq stajga ega. Avvalroq uning Shveytsariyadagi Credit Suisse bankida 1,8 mlrd frank mablag‘i bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan, Alisher Usmonovning matbuot xizmati buni rad etgandi. Kocharova Gulnoz Zunnurovna – O‘zbekistondan tashqari Rossiya va Kipr fuqaroligiga ham ega. Kiprdagi Almenor Holdings direktori. AQSh hukumati bu kompaniya Alisher Usmonovning “Kiprdagi tarmog‘i”ga kirishini qayd etgan. Nosirxo‘jayev Shohrux Olimjonovich – BAAda joylashgan, Alisher Usmonovning “Metalloinvest”iga qarashli Hamriyah Steel metalloprokat zavodi bosh direktori. Narziyeva Nasiba Erkinovna – Shohrux Nosirxo‘jayevning turmush o‘rtog‘i, Saodat Narziyevaning qizi. Bundan tashqari, sanksion ro‘yxatga Alisher Usmonovning o‘gay o‘g‘li Viner Nadan Adadiyevich ham kiritilgan. Biznesmen Moskvada bir qator kompaniyalarga egalik qilishi, Latviyada elit toifadagi ko‘chmas mulk egasi ekani ko‘rsatilgan. Alisher Usmonovga doxil AQSh sanksiyalari, shuningdek, O‘zbekistondagi Ucell aloqa operatorining 51 foiz ulushiga egalik qiluvchi Digital Invest'ni ham qamrab olgan (Ucell'ning 49 foizi O‘zbekiston hukumatiga qarashli). Alisher Usmonovning USM Telecom kompaniyasiga qarashli Digital Invest O‘zbekistonda Ucell'dan tashqari CRPT Turon (markirovkalash operatori), Pervaya Bashennaya Kompaniya va New Solutions kompaniyalariga ham egalik qiladi. Biroq AQSh Moliya vazirligi Digital Invest va “MegaFon” foydasiga istisnoni ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, Amerika fuqarolari va kompaniyalari Rossiyaning bu ikkita kompaniyasi bilan har qanday bitimlar tuzishi, xususan Amerika mahsulotlari va texnologiyalarini ularga sotishi mumkin, lekin sharti shuki, bu hamkorlik Tojikiston va O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Yuqorida keltirib o‘tilgan, AQSh Moliya vazirligi tomonidan kiritilgan sanksiyalarga qo‘shimcha ravishda, AQSh Savdo vazirligi ham bir qator kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga cheklovlar joriy etdi. Savdo vazirligining qora ro‘yxatida O‘zbekistondan Alfa Beta Creative va GFK Logistic Asia kompaniyalari joy olgan. Ular sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda Amerika tovarlarini Rossiya mudofaa sanoati ehtiyojlari uchun sotib olishga uringanlikda ayblanmoqda. Korxona va tashkilotlarning yagona reyestriga ko‘ra, bu ikki MChJ bir manzilda – Toshkent shahri Shayxontohur tumani Navoiy ko‘chasi 16A-uyda joylashgan. Alfa Beta Creative 2022 yil 6 iyunda ro‘yxatga olingan. Ustav kapitali – 2 mln so‘m. Asosiy faoliyat yo‘nalishi – “boshqa turdagi ofis texnikalari va uskunalarining ulgurji savdosi”. Ta’sischisi – Svetlana Karimovna Haydari. GFK Logistic Asia 2018 yil 28 martda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ustav kapitali – 200 mln so‘m. Asosiy faoliyat yo‘nalishi – “quruqlik transporti sohasidagi xizmatlar”. Ta’sischilari – GFK Logistic Asia (80%) va Shukurov Albert Abdusamatovich (20%). Eslatib o‘tamiz, kecha Kun.uz AQSh sanksiyalarining mazkur paketidan O‘zbekistondagi yirik soliq to‘lovchilardan biri – “Ohangaronsement” zavodi va uning ta’sischisi Akkermann Cement CA ham joy olgani haqida xabar bergandi. Akkermann Cement CA Alisher Usmonovning USM holdingiga kiruvchi Akkerman Cement tomonidan tashkil etilgan. Avvalroq, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqidan Alisher Usmonovga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishni so‘rayotgani, ushbu milliarder tufayli Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik bahs yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|