Главная » 2021 » Апрель » 25 » AQSH senatorlari Alisher Usmonovga qarshi sanksiya joriy qilishga chaqirmoqda
18:12

AQSH senatorlari Alisher Usmonovga qarshi sanksiya joriy qilishga chaqirmoqda


AQSHning Xelsinki komissiyasi rahbarlari — demokrat senator Ben Kardin, respublikachi senator Rojer Uiker hamda kongressmen Jo Uilson Prezident Jo Bayden ma’muriyatini qamoqda saqlanayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyni yanada faolroq qo‘llashga chaqirdi.

Xelsinki komissiyasining Twitter’da e’lon qilingan bayonotida uning rahbarlari Navalniyning sog‘lig‘i yomonlashgani, uning tashkilotiga qarshi qatag‘on tahdidi (bu yerda prokuratura ekstremistik tashkilot deb tasniflashni talab qilayotgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi nazarda tutilmoqda), shuningdek, Rossiyada 21 aprel kuni o‘tkazilgan namoyishlar ishtirokchilarining qo‘lga olinishi haqidagi xabarlarga e’tibor qaratishgan.

Komissiya rahbarlarining bayonotida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin yirik oligarxlarga qarshi sanksiyalar belgilashga ham da’vat qilingan va ularning ism-shariflari keltirilgan.

“Navalniy yana Rossiya qamog‘ida azob chekayotgan ekan, biz endi Vladimir Putinga eng yaqin kishilar, shu jumladan, Roman Abramovich, Alisher Usmonov, Igor Shuvalov va Nikolay Tokaryov singari mashhur oligarxlarga qarshi sanksiyalar joriy etish taklifini ko‘rib chiqishimiz lozim”, deyilgan bayonotda.

Nomi zikr qilinganlarning barchasi Navalniyning korrupsiyaga qarshi surishtiruvlari qahramonlari bo‘lgandi. Korrupsiyaga qarshi kurash fondi nomidan, uning rahbarlaridan biri Vladimir Ashurkov ularni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishni taklif qilgandi.

Kongressmen Uilsonga ko‘ra, Kreml o‘z xatti-harakatlari bilan “Rossiya xalqidan nafratlanishini namoyish etmoqda”.

“Bu Vladimir Putinning hokimiyat tepasida qolishga so‘nggi urinishidir, lekin u oxir-oqibat muvaffaqiyatsizlikka uchrayajak”, degan Uilson.

Qayd etish kerakki, AQSH prezidenti Jo Bayden Navalniyning ta’qib qilinishi siyosiy sabablar bilan bog‘liqligini aytib, bir necha marta Rossiya hukumatini uni ozod qilishga chaqirgandi.

Aleksey Navalniy oldiga o‘zi ishongan shifokorni qo‘yishlarini talab qilib, qamoqxonada uch haftadan ziyod ochlik saqladi. Juma kuni ma’lum qilinishicha, Federal jazoni ijro etish tizimiga begona vrachlar kelib ko‘rganidan so‘ng, u ochlikni to‘xtata boshlagan.

Ma’lumot uchun, Xelsinki komissiyasi yoki Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha komissiya AQSH hukumatiga oid tashkilot bo‘lib, uning vazifasi YeXHTga a’zo mamlakatlarda inson huquqlariga rioya qilinishini kuzatishdir.

Komissiya tarkibiga senatorlar, Vakillar palatasi a’zolari va Prezident ma’muriyati vakillari kiradi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: AQSH, Alisher Usmonovga, sanksiya | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz