18:48 Bir yilda ikki marta uylanish?! Turmush o‘yin emas, erkaklar! | |
Tahririyatga an’anaviy savol bilan murojaat bo‘ldi: «Qonuniy nikohimiz yo‘q, 4 oy yashab homilador paytimda ajrashganman. Hozir 1 yosh o‘g‘lim bor. Mening aliment borasida biror huquqim bormi?» Murojaat egasining huquqiy savoliga javob berdik-da, masalaning qo‘shimcha tafsilotlarini tahlil qilishga kirishdik. Zero, voqea qahramonlarining xatolarini boshqalar takrorlashmasin. 25 yoshli qiz 2015 yilning boshida turmushga chiqqan. Qaynopasi bilan qo‘shni bo‘lib yashashgan, u esa yangi oila hayotiga aralashavergan. Qaynota-qaynona bilan kichik muddatda til topisha olmagan kelinchak janjalning qahramoni bo‘lib qolavergan. Bir kuni eri uyida yo‘qligida kelin va oila a’zolari o‘rtasida nizo kelib chiqqan. Kelinning otasi kelgan, bo‘lgan-bo‘lmagan gaplar bilan kuyovning ustiga mag‘zava ag‘darishgan. O‘g‘il ishdan qaytgach, qaynota-qaynona «Yo xotiningni deysan, yo bizni», deb shart qo‘yishgan. Eri esa boshini quyi solgancha faqat ota-onasi tomon bo‘lgan, ulardan uzr so‘ragan, xotinining yonini olmagan... Kelin «Qadrimni bir pul qildi», deb arazlab uyiga ketgan va ersiz qolgan. Chunki yil boshida uylangan yigit, yil oxirida ham o‘zini boshini ochiq hisoblab, to‘y qilgan. Bu safar esa nikoh rasmiylashtirilgan. Bu orada birinchi xotini o‘g‘il tuqqan, yigit ota-onasidan yashirincha farzandini bir-ikki ko‘rib ketgan. Ammo haligacha ikkinchi xotini xomilador bo‘lolmayapti. Sobiq er «Sen bilan yarashaman, bunisi bilan ajrashaman», deb birinchisini umidvor qilib turadi. Kelin «Gapingizga ishonmayman», deb urushib bersa, yana yo‘qolib ketadi. Kelinning niyati yarashish emas, u huquqlarini tiklamoqchi... Judayam ko‘p uchraydigan holat, shunday emasmi? Voqeani ezg‘ilab hikoya qilib, behissiyot yozganimiz sababi shu kabi an’anaviy ajrimlarda hammaning aybi ochiq ko‘rinsin, degan maqsadimiz bor. Albatta, bu gaplar kelin tomonning qarashi, er tomonda esa yana bu vaziyatga 99 xil fikr, mingta bahona bo‘lishi turgan gap. 4 oy ichida turmush o‘rtog‘idan katta sadoqat talab qilib, biroz shoshilgan, sabr qilmagan kelinchak aslida ko‘p narsani boy berganini ich-ichidan tan olishiga hech shubhamiz yo‘q. Biroq, kelinlarni muhokama qilmoqchi emasmiz. Shundoq ham «Ayollarga sabr qiling, o‘zingizning aybingiz ko‘p», degan mazmunda yozgan maqolalarimizni har sondan topish mumkin. Bu safar “oilaning boshi” degan nomi bor-u, biroq bu vakolatini hadeb uylanaverish, oilani va uning ortidan muammolarni ko‘paytiraverishga sarflaydigan ERlar haqida gaplashamiz. HURMATLI ERKAK, uylanayotganda inson faqat moddiy emas, ma’naviy jihatdan ham yetuk bo‘lishi kerak, bu zerikarli gap emas, ma’naviy yetuk inson deganda, eng yaxshi fazilatlarga ega bo‘lish bilan birga, hayotni, dunyoni, odamlarni o‘rganishdan to‘xtamaydigan, mustaqil fikr va irodali, iymoni butun, ochiq fikrli, yaxshi gumonli inson nazarda tutiladi. Sizga bir savol, siz o‘zingiz jufti halol deb tanlayotgan insoningizni qanchalik yaxshi bilasiz? To‘g‘ri, bu qaltis savol, chunki odam birga yashab ko‘rmaguncha kimning kimligini bilishi qiyin. Unda osonroq savol: har holda onangiz yoki opangizning qanday inson ekanligini, ularning ko‘ngliga yo‘l topish uchun nimalar qilish kerakligini boshqalardan yaxshiroq bilarsiz? Nega o‘sha bilganlaringizni sizga umrini bag‘ishlash uchun uyingizga kelgan ayolga sekingina shipshitib qo‘ymaysiz? Nega oilangiz ayollari sizni “shantaj” qilishlariga, sizdan foydalanib, o‘zlariga qulay, biroq sizga noqulay vaziyatlarni yaratishlariga yo‘l qo‘yasiz? Sizni baxtli qilmoqchi bo‘lgan odamlar kimlar: ayolingiz, ota-onangiz, opa-singillaringiz, qisqacha aytganda, ular dushmaningiz emas. Unda nega ularga haqiqiy his-tuyg‘ularingizni ochiq aytmaysiz? «Men sizni yaxshi ko‘raman, uni ham yaxshi ko‘raman, agar ikkingiz ham meni yaxshi ko‘rsangizlar, o‘zaro kelishinglar», deyolmaysiz, nega? Bilasizmi, endi sizning kasringizga, aniqrog‘i, beqarorlik, ikkilanishlar va irodasizligingiz evaziga bir uy ayol o‘zini baxti bekam hisoblab yashaydi. Yana yetmaganiga xato ustiga xato qilgansiz! Hatto tikuvchi bitta ko‘ylak tikayotganda yetti o‘lchab, yetti kesadi, siz esa o‘ylab ham o‘tirmagansiz: bir yilda ikki marta uylanish! Qoyil-ey! Sizning mustaqil qaror qabul qila olmay lallayganingiz evaziga bugun uch ayolning boshida uch xil xayol. 1. SOBIQ AYoLINGIZ. Endi uning turmushga chiqqib, ajrashgan degan nomi bor. Buning ustiga, otasiz farzand o‘stirayapti, nikohingiz rasmiy bo‘lmasa-da, ularning oldida hamisha moddiy va ma’naviy qarzingiz bor. Unga alam qiladi, er bermoq — jon bermoq. Lekin u ko‘p marta aldangan, chunki bolasining otasi beqaror. Har holda ayol murakkab o‘yin qilmoqchi emas, u o‘ziga har qancha qiyin bo‘lmasin, hamma o‘z yo‘lidan ketishining tarafdori. 2. ONANGIZ. U sizni baxtli qilmoqchi edi. Lekin jahl chiqqanda, aqli ketadi, degan naql u kishiga ham yot emas. Uning fikrini o‘zgartirishingiz, ayollarni kelishtirishingiz mumkin edi, hech bo‘lmaganda qat’iyatingiz, qoshingizni uyub qo‘yishingiz bilan ayollarning ovozini pasaytira olardingiz, siz erindingiz, laqmalik qildingiz. Onangiz sizni tushkun holatdan chiqarish uchunmi, yoki avvalgi qudalariga zarba berish maqsadidami, shartta uylantirdi. Endi esa dardi ichida. O‘g‘li hardamxayol, homilador kelinini haydab soldi, bu kelini esa tug‘mayapti, bolasining bolasini ko‘rolmay armonda. Xato qildimmikan, degan qalb og‘rig‘i ham bo‘lsa ajabmas. 3. YaNGI XOTININGIZ. Ko‘pincha ajrashgan yigitga turmushga chiqayotgan qiz o‘zidagi biror muammo (yoshi kattalashib borayotgani, sog‘ligi, oilaviy muammolari, moddiy holati) evaziga to‘yga rozilik beradi. Sizning holatingizda qanday bilmadik-u, lekin ikkinchi turmushning mas’uliyati va muammolari o‘ziga xos ekanligi aniq. Ikkinchi doimo erining birinchisiga ketib qolishidan xavotirda yashaydi. Ayniqsa, birinchining farzandi bo‘lsa, u doim go‘yo stolning yarmida o‘tirgan odam kabi tushib ketadigandek, suyanchiq — erni mahkam ushlashga urinadi. Janjal va nizolar, solishtirish va taqqoslashlar mana shundan kelib chiqadi.
UCh O‘RTADA YaNA O‘ZINGIZGA QIYIN. Xudo ko‘rsatmasin-u, bu juftingiz bilan hecham farzandli bo‘lolmasangiz, yana xotin almashtirasizmi? Aslida, esa hamma vaziyatga o‘rtacha yechim topish mumkin. Qani endi, hamma ham ikkinchi turmushdan baxtini topib ketsaydi... Bas shunday ekan, hurmatli erkaklar, kimlarningdir tazyiqi ostida ajrashishdan avval o‘zingiz nimani istashingizni aniqlab oling, vaziyatga hushyor va ochiq ko‘z bilan qarashni o‘rganing. Qachongacha boshi ochilmagan ayollaru to‘laqonli otasi yo‘q bolalar bir erkakning yo‘liga qarab o‘tiraveradi? Erkakning doimo o‘z mustaqil qarori va hammaga maqbul keladigan fikri bo‘lishi kerak. Oila o‘yinchoq emas, erkak ham o‘yinchoq o‘ynaydigan yosh bola emas, xotinni hadeb qo‘yguncha, aqlni vaqtida yig‘ib olgan ma’qul! Aziza QURBONOVA
Manba: "darakchi.uz"
| |
|