15:12 Bola tarbiyasidagi 4 bosqich | |
Birinchi bosqich: tug‘ilganidan 5 yoshigacha. Bu vaqt oralig‘ida bolaga harakatchanlik, hayotga bo‘lgan qiziqish va mehr-muhabbat nimaligi kattalar misolida o‘rgatiladi. Ta’qiq va jazoning o‘rniga uni chalg‘itgan ma’qul. Bolaga qo‘l ko‘tarilishining yagona sababi bor — chunki go‘dak kattalarga javob qaytarolmaydi! Agar farzandingiz biror noxush ish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, yuzingizda qo‘rqinchli ifoda namoyon qilib, “Voy” kabi vahimani bildiruvchi so‘zlarni ayting. Urishib, baqirgandan ko‘ra bu ish ko‘proq foyda beradi. Bolaga bu davrda bosim bersangiz, butun umrga hayotga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirib qo‘yishingiz mumkin. Ikkinchi bosqich: 5 yoshdan 10 yoshgacha. Bu yoshlar oralig‘ida bola odob-ahloq va jamiyat qonun-qoidalarini anglab, ularga bo‘ysinishni o‘rganadi. Mantiq hamda aqliy salohiyat rivojlanadi. Ko‘pincha bola xatti-harakatlariga kattalar qanday yondashishiga ahamiyat beradi, uni maqtashlari uchun harakat qila boshlaydi. Bu vaqtda bolani ko‘proq bilim olishga undash, vazifa va mashqlarga ko‘mib tashlashdan qo‘rqmang. Agar 5 yoshdan keyin erkalash har doim ham yaxshilikka olib kelmaydi. Uchinchi bosqich: 10 yoshdan 15 yoshgacha. 10 yoshdan keyin farzandingiz bilan oilaviy muhim masalalardan maslahatlashishni boshlang. Mustaqil fikrlashi va harakat qilishini rag‘batlantiring. Agar uning biror ishi yoqmasa, ta’qiqlamay, qilgan ishining yoqimsiz oqibati haqida so‘zlang. Farzandingizga ishoning, uning har bir qadamini nazorat qiling, ammo o‘zi bilib ish qilishiga ham sharoit yarating. Aks holda, bola o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi. Do‘stlari bilan yaqindan tanishishni unutmang. So‘nggi bosqich: 15 yoshdan keyin. U endi shaxs! Hurmat bilan munosabatda bo‘ling! Bolani bu vaqtda tarbiyalashning foydasi yo‘q, endi 15 yildan buyon bergan ta’limingizni mevalarini ko‘rasiz. Qo‘l ko‘tarish, baqirish, atrofdagilarning oldida izza qilib, ba’zi harakatlarini to‘g‘rilayman deb, xom ta’ma bo‘lmang. Bu ish bilan bolangizni o‘zingizdan uzoqlashtirgan bo‘lasiz.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|