Главная » 2020 » Сентябрь » 12 » Deputat Sherzod Shermatovga: “Kimni aldayapsiz, janob vazir?”
15:01

Deputat Sherzod Shermatovga: “Kimni aldayapsiz, janob vazir?”


Avvalroq, O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarning ochilish yo ochilmasligini mahalliy xalq deputatlari kengashlari hal qilishini, markazdan turib, maktablar falon kuni ochiladi deb hech kim aytmasligini ma'lum qilgandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Sherzod Shermatovning maktablarni ochish bo‘yicha fikrlariga e’tiroz bildirdi. Deputat vazir javobgarlikni Mahalliy kengashlarga yuklash orqali o‘zini sug‘urtalayapti deb o‘ylamoqda.

G‘aniyevga ko‘ra, Mahalliy kengashlarning faoliyati asosan yuqoridan kelgan topshiriq ijrosini ta’minlashga qaratilgan. U Kengashlarda maktablarni ochish vakolati bormi deb savol bergan.

“Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga ko‘ra, Mahalliy kengashlarning oshib borayotgan vakolati maktablar ochilishi bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilishlariga imkon beradi. Lekin aslida ham shundaymi? Haqiqatda ham amaliyotda Mahalliy Kengashlarda shunday qaror qabul qilish vakolati bormi?

Hammamiz yaxshi bilamizki Mahallliy kengashlar raislari o‘sha hududlarning hokimlari hisoblanadi. Hokimlar uchun esa Mahalliy Kengash qarori asosida ish tashkil etish emas, balki yuqoridan kelgan topshiriq ijrosini ta’minlash muhimroq hisoblanadi. Shunday ekan, farzandlarimiz hayoti, sog‘lig‘iga oid muhim qarorni aslida hech qanday vakolati, ta’sir kuchi yo‘q Mahalliy kengashlar hal qiladi deb kimni aldayapsiz, janob vazir? O‘zingiznimi yo jamoatchiliknimi?”, deydi Doniyor G‘aniyev.

U vazirning bu harakatini mas’uliyatdan qochish va ehtimoliy epidemiologik xavfni inkor qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan. Maktab ochilishini Mahalliy kengashlarga yuklash esa javobgarlikni o‘zidan soqit qilish bo‘ladi.

“Menga bu ko‘proq Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mas’uliyatdan qochish, ehtimoliy xatoni oldindan sug‘urtalash uchun o‘ylab topilgan bir taktikadek tuyulmoqda. Chunki bugungi noaniq epidemiologik vaziyatda o‘quv yilini an’anaviy shaklda boshlash nihoyatda xavfli (riskli) qaror ekanligi hamda katta ehtimol bilan bu qaror o‘zini oqlamasligini taxmin qilish qiyin emas.

Shu bois, Xalq ta’limi vazirligi aqlli “yurish” qilib, mas’uliyatni o‘z zimmasidan soqid qilib, uni Mahalliy kengash deputatlari zimmasiga yuklashni ma’qul ko‘rmoqda”, deya vazirning harakatiga baho bergan u.

Deputat yer uchastkalarini olib qo‘yish, byudjet tasdiqlash kabi muammoli vaziyatlarda qaror chiqarish Mahalliy kengashlarga yuklab qo‘yilayotganini ham aytib o‘tgan. Bu usul muammolarning kattalashib ketishiga sabab bo‘lishi qayd etilgan. Shuningdek, hokimlar Mahalliy kengash raisi bo‘lib qolayotgani ham tanqid qilingan.

“Umuman olganda, oxirgi paytlarda go‘yoki Mahalliy kengashlar vakolatini oshirish fonida aholi e’tirozlariga eng ko‘p sabab bo‘ladigan muammoli masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish (masalan, yer uchastkalarini olib qo‘yish, mahalliy byudjetni tasdiqlash) vakolatini “qog‘ozda” Mahalliy Kengashlarga berish tendensiyasi kuzatilmoqda. Garchi bu o‘zgarishlar demokratik jihatdan to‘g‘ri qadam bo‘lsa-da, lekin amaliyotda bu muammolarni yechilishidan ko‘ra, ularni battar gazzaklab ketishiga xizmat qiladi, xolos. Toki hokimlar bir paytni o‘zida Mahalliy kengash raisi vazifasini bajarish amaliyotiga chek qo‘yilmas hamda ularga ijro hokimiyati organlari vakillari bo‘lmagan nomzodlar saylanmas ekan, Mahalliy kengash vakolatlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan barcha harakatlar faqat quruq, balandparvoz gap bo‘lib qolaveradi”, deydi G‘aniyev.

Deputatning fikricha, epidemiologik vaziyat yuqori cho‘qqisiga chiqqan yoki chiqib kelayotgan hududlar (hozirda asosan vodiy viloyatlari)da bu qaror biroz kechiktirilishi, hech bo‘lmasa ushbu hududlarning markaziy, katta shaharlarida maktablar faoliyati hozircha yo‘lga qo‘yilmay turishi kerak.

“Chunki koronavirus va pnevmoniya infeksiyasi bilan kasallanish keskin oshib borayotgan bir paytda, farzandlarimiz hayotini yoki ular infeksiya tashuvchi sifatida yoshi katta, hamroh kasalliklari bor oila a’zolarining hayotini xavf ostiga qoldirish ehtimoli maktablarni shoshib ochishga arzimaydi”, deya so‘zini yakunlagan deputat Doniyor G‘aniyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda joriy yilning 7 sentyabr kuni 329 ta maktab ochildi. Qolgan maktablar esa 14 sentyabrdan ochilishi kutilyapti. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, maktablarning ochilishi 28 sentyabrga ko‘chirilishi mumkin.


Manba: "aniq.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: aldayapsiz, Kimni, Vazir, deputat, Sherzod Shermatovga, Janob | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz