21:54 Koronavirusdan tuzalganlar qanday tahlillarni topshirishi lozim? | |
Ushbu savol yuzasidan SSV Matbuot xizmati Toshkent shahar tibbiy maslahat diagnostika markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Orifjon Aripovga murojaat qildi. — Infeksiya va dori vositalari organizm holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. COVID-19dan tuzalgan insonlarda kasallikka xos umumiy o‘zgarishlardan tashqari individual shikastlanishlar ham kuzatilishi aniqlangan. Laborator tahlillar inson organizmidagi a’zolarning kasallikdan keyingi funksional holatini baholash va asoratlarni aniqlashga yordam beradi. COVID-19dan tuzalgan bemorlarda asosan ko‘proq shikastlanadigan 3 ta tizimga e’tibor qaratish kerak: o‘pka, buyrak va bosh miya faoliyati. Agar bemorda hansirash belgilari ikki oydan ko‘p davom etsa va dinamik kuzatuvda kamaymasa, kardiolog maslahati va yurak UTT tekshiruvi o‘tkazilishi lozim. Umumiy qon tahlili — eng tez, oddiy va informativ tekshiruv usuli. Bunda, avvalo, allergik komponentni namoyon qiluvchi eozinofillarni aniqlashga e’tibor beriladi. Shu bilan birga, organizmdagi yallig‘lanish (leykotsit, limfotsit, EChT) va kamqonlik holatlari ham baholanadi. Davolash paytida ko‘p va uzoq vaqt davomida antibakterial terapiya qabul qilgan bemorlarda uchraydigan asoratlardan biri — psevdomembranoz kolit. Bunda sababsiz ich ketish, qorindagi davomli og‘riqlar kuzatiladi. Bunday vaziyatda bemorni chuqurroq tekshirish, tor mutaxassis maslahatiga zarurat tug‘iladi. Yallig‘lanish belgilari: Umumiy qon tahlili + EChT, leykotsitar formula, S-reaktiv oqsil, ferritin orqali interpretatsiya qilinadi. Qon ivish tizimi: D-dimer, Protrombin, fibrinogen; Organizmni vitamin D bilan to‘yinganligini baholash: 25-OH vitamin D; Yurak holati: Laktatdegidrogenaza, natriy, kaliy, xlor, kalsiy (Sa2+), magniy; Jigar holati: Alanin-aminotransferaza, aspartat-aminotransferaza, umumiy bilirubin; Buyrak holati: Kreatinin, mochevina, oqsil va uglevod almashinuvi, glyukoza, albumin, sistatin S; Autoimmun jarayonlarni o‘z vaqtida aniqlash: Yadro antigenlariga antitana, skrining tahlillari orqali amalga oshiriladi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|