20:25 Koronavirusga oid muhim kashfiyotga yaqin turgan xitoylik olim otib ketildi | |
Koronavirus bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan olim Bing Lyu AQSHda otib ketildi. Bu haqda “The Washington Post“ xabar berdi. Ta’kidlanishicha, olim koronavirusga oid muhim kashfiyotga yaqin turgan edi. U tadqiqot olib borgan Pitsburg universiteti shunday ma’lumot berdi. Aslida uning otib ketilgani haqida universitet 2 may kuni xabar bergan. Ammo mahalliy jurnalistlar endi ushbu voqeaga e’tibor qaratishdi. Ma’lum qilinishicha, 37 yoshli tadqiqotchining jasadi 2 may kuni Ross Tauns shaharchasidagi uyidan topilgan. Marhumning jasadida ko‘plab o‘q jarohatlari aniqlangan. Politsiya Lyu o‘z do‘sti tomonidan o‘ldirilganini aniqladi. Keyinchalik do‘sti ham qotillik sodir bo‘lgan joy yaqinida o‘z joniga qasd qilgani ma’lum qilindi. Universitet xodimlarining ta’kidlashicha, Bing Lyu koronavirusning hujayra mexanizmlari va uning asoratlari haqidagi kashfiyotga juda yaqin kelgan. Ular o‘ldirilgan hamkasbining tadqiqotini yakunlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishni ma’lum qilishdi. Eslatib o‘tamiz, koronavirus qanday kelib chiqqani haqida haligacha aniq ma’lumot yo‘q. Olimlar virusni ko‘rshapalak organizmida paydo bo‘lgan deyishmoqda. Lekin siyosatchilar bunday fikrda emas. AQSH Prezidenti Donald Tramp va davlat bosh kotibi Maykl Pompeo ushbu virus Uxan laboratoriyasidan chiqqanligi haqida dalillari borligini iddao qilishmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirus bilan bog‘liq 3 820 838 ta holat aniqlangan. Kasallanganlarning 1,303,146 nafari sog‘aygan, 265 096 nafari esa vafot etgan. Mavjud bemorlar soni 2 252 596 kishini tashkil qilmoqda.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|