22:31 Taksiga o‘tirishda ehtiyot bo‘ling! Toshkentda «kirakash» bosqinchilar ushlandi | |
Toshkent shahrida uch yigit o‘zaro jinoiy til biriktirib, taksi yo‘lovchisini hilvat joyga olib borib kaltaklashadi va undagi pul, tilla uzuk, telefon va kurtkasini tortib olishadi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi. Hodisa 2020-yilning 4-dekabr kuni soat 23:30 da sodir bo‘lgan. 23 yoshli Aziz U. jinoiy sheriklari — 25 yoshli Sohibjon O. va 34 yoshli Nodirjon K. bilan birga «Lacetti» rusumli avtomashinada Uchtepa tuman 23-mavzesi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtlarida yo‘l yoqasida taksi to‘xtatib turgan 31 yoshli Suyunjon X. ni Yashnobod tuman Qo‘yliq bozori tomonga olib borib qo‘yishga kelishishadi. Avtomashinaga o‘tirganidan keyin yo‘lovchining spirtli ichimlik ta’sirida uxlab qolganligidan foydalanib, uni odamlar qatnovi kam bo‘lgan Sergeli tuman, Pastdarg‘om mahallasida joylashgan metro qurilishi olib borilayotgan hududdagi qorong‘u joyga olib borishadi. Shu paytda guyoki Aziz U. jinoiy sherigi Sohibjon O. bilan o‘zaro tortishib qolib, o‘rtalaridagi kelishmovchilikni hal etish holatini sahnalashtirib, avtomashinadan tushishadi. Ularning jinoiy sherigi Nodirjon K. fuqaro Suyunxon X.ga «ular janjallashib qolishdi, yuring ajratib qo‘yaylik, yordam berib yuboring» deb uni avtomashinadan tushiradi va orqasidan kelib, qasddan unga hujum qilib, uni o‘ng chap yuziga musht tushirib, yerga yiqitadi. Uni do‘pposlab, yuzi bilan yerga qaragan holatda yotqizib, qo‘lini orqasiga qayirib, shimining orqa cho‘ntagidan 350 ming so‘m pullari, 800.000 so‘mlik «Samsung J-5» rusumli uyali telefon apparati, qo‘lidagi bahosi 3 mln. so‘mlik erkaklar tilla uzugi, egnidagi 320.000 so‘mlik kurtkasi hamda uning cho‘ntagidagi 850 AQSh dollari miqdoridagi pullarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashirinishgan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, fuqaro Suyunxon X.ga «yengil» tan jarohati yetkazilganligi aniqlangan. Tergovga qadar tekshiruv jarayonida Nodirjon K.dan «Samsung J-5» rusumli uyali telefon apparati va Soxibjon O.dan bir dona erkaklar kurtkasi tegishli tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Aziz U., Soxibjon O. va Nodirjon K. larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi «b» bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Manba: "xabar.uz"
| |
|