15:55 AQSh Sardoba falokatidan aziyat chekkan oilalarga moddiy yordam ajratdi | |
AQSh hukumati, Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) qoshidagi Tabiiy ofatlarda yordam ko‘rsatish boshqarmasi orqali, tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan oilalarga muhim yordam vositalari sotib olish va yetkazib berish uchun 100 000 dollar ajratmoqda.AQShning Toshkentdagi elchixonasi tarqatgan xabarga ko‘ra, Vashington eng muhim qishloq xo‘jaligi hududlarining biridan o‘n minglab kishilarning ko‘chirilishiga sababchi bo‘lgan Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori qisman o‘pirilishi natijasida O‘zbekistonda olib borilayotgan sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. 2020 yil 1 may kuni kuchli yomg‘ir va dovul Toshkent janubidagi Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv omborining bir qismi o‘pirilishiga olib keldi. Uy xo‘jaliklari, ijtimoiy infratuzilma, yo‘llar, energetika, aloqa va suv tizimlariga ko‘rsatgan ziyondan tashqari, toshqin hududdagi qishloq xo‘jaligi infratuzilmasiga ham zarar keltirib, paxta, don-dun va poliz mahsulotlariga o‘z ta'sirini o‘tkazdi, bu esa fermerlarning daromadlari va viloyat iqtisodiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. «Sirdaryo viloyati aholisiga chin dildan hamdardlik bildiraman. O‘zbekiston hukumati va fuqarolari ushbu falokat oqibatlarini bartaraf etish uchun tezda safarbar etildi», – dedi AQSh elchisi Daniyel Rozenblyum. Uning qayd etishicha, «AQSh hukumati bu ofatdan zarar ko‘rgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanadi» . Ta'kidlanishicha, AQSh hukumati bu mablag‘dan foydalanib suv ombori o‘pirilishi natijasida o‘z uylaridan ko‘chirilgan muhtoj oilalarga oziq-ovqat va boshqa zarur vositalarni tarqatish orqali O‘zbekistonga mazkur inqirozdan qutulish va qayta tiklanishda yordam beradi. Favqulodda ko‘mak bo‘yicha sa'y-harakatlarni qo‘llashdan tashqari, USAID O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodini diversifikatsiyalash, mintaqaviy savdoni kuchaytirish, sog‘liqqa jiddiy tahdidlarni bartaraf etish hamda aholi ehtiyojlarini qondirish uchun hukumat imkoniyatlarini shakllantirish bo‘yicha hamkorlik qiladi. USAID xalqaro taraqqiyot bo‘yicha dunyodagi yetakchi agentlik va rivojlanish sohasida natijalarga erishish «katalizatori» hisoblanadi.
Manba: "kun.uz"
| |
|