19:29 Qashqadaryoda ayol o‘zini yoqib yubordi | |
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda yerini qo‘shnilari noqonuniy olib qo‘yganiga norozilik bildirgan 43 yashar yakkabog‘lik ayol o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Qashqadaryo viloyati prokuraturasi mazkur holat bo‘yicha bayonot berdi. Aniqlanishicha, joriy yilning 26 iyun kuni Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga Yakkabog‘ tumani, “Oqtosh” MFY, Bog‘zor ko‘chasida yashovchi fuqaro M.Abdiazizova kuyish tana jarohatlari bilan kelib tushgan. Mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, shu kuni Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Fuqaro M.Abdiazizova qo‘shnisi P.Qodirov va E.Pardayev bilan yer masalasida o‘zaro janjallashib kelgani sababli, joriy yilining 26 iyun kuni fuqaro E.Pardayevning “Oqtosh” MFY raisiga qilgan murojaati asosida mahalla raisi Q.Kenjayev, “Yermulk-kadastr” DK Yakkabog‘ tumani filiali mutaxassisi B.Xushmurodov va tuman IIB profilaktika inspektori M.Egamberdiyev nizoli yer uchastkasiga kelishib, ulardan yerga oid hujjatlari so‘rashganida, M.Abdiazizova yashash uyi hovlisiga kirib, ustiga benzin sepib chiqib, qo‘lidagi gugurt bilan o‘ziga o‘zi o‘t qo‘ygan. Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasining ma’lumotnomasida, fuqaro M.Abdiazizovaning olgan tan jarohati tananing alangadan 96 foiz, III-IV darajali kuyish ko‘rinishida ekanligi ko‘rsatilgan. M.Abdiazizovaga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan u 27 iyun kuni vafot etgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|