11:43 Qashqadaryoda o‘quvchilarga 2 baho qo‘ygan o‘qituvchi kaltaklandi (video) | |
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani 134-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi Shoxnur Oqquziyev o‘quvchilardan birining akalari tomonidan qattiq kaltaklandi. «Nasafnews»ning ma’lum qilishicha, voqea joriy yilning 6 aprel kuni sodir bo‘lgan. «6-aprel kuni maktabda 6-A sinfda darsim bor edi. Keyin darsga kirdim, ingliz tilidan. 5-soatda o‘quvchilarning ko‘pchiligi darsga tayyorlanib kelmaganligi sababli ularga past baho qo‘ydim. 6 yoki 7 nafar o‘quvchiga jurnalga 3 baho, kundaliklarga esa uydagilari xabar topsin deb 2 baho qo‘ygandim. Keyin bir o‘quvchim norozi bo‘la boshladi va jahl qilib chiqib ketib qoldi. Dars tugagandan keyin jurnallarimni yig‘ishtirib pastga tushsam, o‘sha o‘quvchi kelib, ustoz sizni akam chaqiryapti deb qoldi. Men har doimgi ota-onalardan biri bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Borganimda esa 3 nafar yigit turgan ekan, senmi o‘sha zo‘ravon deb birdan qo‘limga tarmashib ketishdi. O‘sha paytda rus tili o‘qituvchimiz voqea ustidan chiqdi. Yoshi kattaroq bo‘lgani uchun ustozga qoching, keting dedim. Keyin meni chetga torta boshlashdi. «Aka eshitaman» desam, «sen zo‘ravonsan» deb tarmashishdi. Nima qildim men, shikoyatingiz bo‘lsa ustimdan arz qiling dedim. O‘sha vaqtda ichimga mushtlab ura boshlashdi. O‘zimni o‘sha holatda himoya qilishga harakat qildim. To‘g‘risi, kuchim yetmay qoldi. Keyin ulardan biri bo‘ynimdan bo‘g‘ib ketdi. Keyin o‘zimni yo‘qotdim», – deydi jabrlangan o‘qituvi Shoxnur Oqquziyev. Kaltaklangan Shoxnur Oqquziyevning aytishicha, janjalni maktab o‘qituvchilari to‘xtatib qolgan. Agar ular zo‘ravonlarga qarshilik bilan chiqishmasa, hozirda o‘qituvchining jarohatlari bundanda og‘irroq bo‘lardi. O‘quvchining akalari o‘qituvchini kaltaklaganidan keyin tahdid ham qilgan. «Kaltaklashgandan keyin, sen ketib qolmay turgin, kechga so‘yib ketamiz. Tayyor bo‘lib tur shu yerda, deb aytishdi. Shundan so‘ng, ona tili fani o‘qituvchisi mahalla inspektorni chaqirdi», – deb qo‘shimcha qiladi jabrlanuvchi. Jabrlanuvchi 2 baho qo‘ygan o‘quvchi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarining o‘g‘li ekanini, uni kaltaklagan yigitlar esa maktabning sobiq o‘quvchilari ekanligini aytmoqda. «Nasafnews» muxbiri bu iddaolarga aniqlik kiritish maqsadida 134-maktabning ma’naviy- ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bilan bog‘landi. U maktab hududida janjal sodir bo‘lganini rad etmadi. Ammo voqeaga uning farzandlari sababchimi yoki yo‘q, bunga aniqlik kiritishni istamadi. Kaltaklangan o‘qituvchining onasi esa o‘g‘lining keyingi faoliyatidan xavotirlanmoqda. «O‘g‘lim Milliy universitetning filologiya fakultetini 2020 yilda tamomlagandi. 4 kursda tahsil olayotganda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev o‘g‘limning kontraktini to‘lashga yordam bergandi. Sharti esa chekka hududlarga borib dars berishi kerak edi. O‘g‘lim hozirda 100 km masofaga Qarshi tumanidan Chiroqchi tumaniga qatnab ishlayapti. Chekka qishloqni farzandlariga chet tilini o‘rgatishga astoydil harakat qilyapti. Yaxshi niyat bilan ishga kirganiga hali atigi 6 oy bo‘ldi. Lekin tahdidlarga qolib, kaltaklangani menga ham unga ham juda og‘ir botdi. Uning kelgusi faoliyatidan xavotirga tushyapman», – deydi o‘qituvchining onasi Inobat Qurbonova. I.Qurbonovaning aytishicha, o‘g‘li shifoxonaga yotqizilgandan keyin «zo‘ravon» yigitlar va ularning qarindoshlari bir necha bor kelib uzr so‘ragan. Kelishib olishni taklif qilishgan. Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda Shoxnur Oqqo‘ziyev viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Neyroxirurgiya bo‘limida davolanmoqda. Uning bilaklari, beli va oyog‘iga shikast yetkazilgan. «Nasafnews» muxbiri voqea yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot olish uchun «Umakay» mahallasi profilaktika inspektori bilan bog‘landi. «Shoxnur Oqquziyevga Sud tibbiy ekspertizasiga qaror chiqarib berganman. Ekspertiza menga javobini beradi. Jabrlanuvchi hozir davolanyapti. Huquqbuzarlarga ekspertiza natijasiga qarab baho beriladi. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda», – deydi «Umakay» mahallasi profilaktika inspektori Sardor Ahmadov.
Manba: "xabar.uz"
| |
|