21:14 Toshkentdagi “Do‘stlik” bozori avtoturargohidan 43 yoshli erkakning jasadi topildi | |
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan “Chilonzor buyum savdosi kompleksi”ga qarashli “Do‘stlik” bozori yonidagi avtoturargohdan 7-yanvar kuni tongda erkak kishining jasadi topildi. Bu haqda Bosh prokuratura “Daryo”ga ma’lum qildi. Chilonzor prokuraturasi tomonidan tergov oldi tekshirish harakatlari davomida jasadi topilgan erkak Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida yashovchi 43 yoshli G‘.X. ekanligi aniqlandi. Tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, erkakning o‘limiga yurak chap qorincha miokard infarkti, yurak yerilishi, yurak tamponadasi sabab bo‘lgan. Sirdaryolik erkak qanday yumush bilan “Do‘stlik” bozorida bo‘lgani hozircha noma’lum. Uning vafoti haqida xabar bergan “Daryo” mushtariylari erkakning o‘limiga sovqotish sabab bo‘lganini taxmin qilgandi. Eslatib o‘tamiz, Toshkent IIBB sovuqda boshpanasiz qolgan kishilar haqida 71-281-90-32 raqami orqali xabar berishga chaqirdi. So‘nggi ikki kun ichida IIBB xodimlari 35 dan ortiq uysiz odamni topib, ularni “Mehr-saxovat” uyida boshpana bilan ta’minlagan.
Manba: "daryo.uz"
| |
|