11:55 Qashqadaryoda 855 nafar maktab xodimida koronavirus aniqlandi | |
Qashqadaryo viloyatida 855 nafar maktab xodimida koronavirus aniqlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘ani Himmatov ma’lum qildi. Abdug‘ani Himmatovga ko‘ra, viloyatdagi 1151 ta maktab hamda 191 ta filialda faoliyat yurituvchi 75 427 nafar xodimning 32 261 nafari koronavirusga test topshirgan bo‘lib, shundan 855 nafar xodimda koronavirus aniqlangan. “Shu boisdan ham bugun viloyatdagi 109 ta maktabda an’anaviy darslar boshlanishiga ruxsat berdik. Aynan shu 109 ta maktab xodimlarida koronavirus aniqlanmagan”, — dedi Abdug‘ani Himmatov. Mazkur xabarni tasdiqlagan viloyat Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi bosh vrachi Sobir Murodov koronavirus bilan kasallangan o‘qituvchilarning 41 nafar bugun aniqlanganini qo‘shimcha qildi. Ta‘kidlanishicha, Qashqadaryo viloyatining Kasbi, Dehqonobod va Kitob tumanlaridagi maktablarda an’anaviy dars mashg‘ulotlari o‘tkazilishiga ruxsat berilmagan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva viloyatda 239 nafar o‘qituvchi koronavirusga chalinganini ma'lum qilgandi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev esa bu xabarni rad etdi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|